Fransiyadan maxsus: Kann festivalida kino yulduzlariga selfi tushish taqiqlandi

16:15 11 May 2018 Madaniyat
457 0
Foto: "Xalq so’zi online"

Kinoshunos Shohira Raufboyeva Fransiyadan maxsus “Xalq so‘zi online” uchun xabar qiladi. 

8 may kuni o‘z ishini boshlagan hamda 19 mayga qadar davom etadigan 71 Kann xalqaro kinofestivalida mavzu va uslubi jihatidan turli tuman bo‘lgan filmlar taqdim etilmoqda. 

Ularda hayot haqiqatidan tortib, aql bovar qilmas, o‘zga sayyoralarda bo‘lib o‘tadigan fantastik voqealarga asoslangan filmlargacha namoyish etilayapti. 

Iftixor bilan aytish mumkinki, festivalda ishtirok etayotgan jahon kino san’ati va sanoati vakillari ham, ijodkorlar ham “O‘zbekiston” paviloniga o‘zgacha qiziqish bildirishmoqda. Ayniqsa, yurtimizning bir-biridan go‘zal betakror manzaralari, tarixiy obidalari haqidagi video roliklar, tarqatma meteriallarni olib har bir ishtirokchimizni savollarga tutishyapti. O‘zbek milliy libosidagi ishtirokchilar bilan suratga tushishga ishtiyoq bildirishyapti. Delegatsiya a’zolari taniqli kinoprodyuser, distribyuterlar bilan muzokaralar olib borib, ularni O‘zbekistonda kino uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirib borishyapti. Ayniqsa, kechagi kun g‘oyat samarali kechdi. Delegatsiya rahbari, Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi Oybek Abdushukurov Malatya xalqaro kinofestivali rahbari Suat Kocher bilan anglashuv memorandumi imzoladi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan kinofestivalda turkiyalik, Malatyada tashkil etiladigan xalqaro kino bayramida esa o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirok etishadigan bo‘ldi.

Foto: "Xalq so’zi online"

Festival hakamlar hay’atiga avstraliyalik kino aktrisa Keyt Blanshet raislik qilmoqda. Shuningdek, hakamlar hay’atida Andrey Zvyaginsev, Lea Seydu, Kristen Styuard, Deni Vilnevlar kabi taniqli kino sanoati vakillari ham bor. 

Foto: "Xalq so’zi online"

Bu yil Kann festivali tashkilotchilari tomonidan tashrif buyurgan ishtirokchilar hamda mehmonlarning qizil yo‘lakchada o‘zlarini tutish masalasida muhim bir yangilikni  e’lon qildi. Unga ko‘ra, kino yulduzlari qizil yo‘lakchadan o‘tayotganda selfi tushishi taqiqlandi. Bu ta’qiqni buzganlar namoyishlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etiladi. Kann kinofestivalining dasturlar direktori T’erri Fremoning fikriga ko‘ra, bu nufuzli festivalga yarashmaydigan “qiliq”.  

Uning aytishicha, suratni yaxshisi o‘z ishining ustasi bo‘lgan suratkash olgani yaxshi. Qolaversa bu,  ishtirokchilarning qizil yo‘lakchadan o‘tish vaqtini cho‘zilib ketishiga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, endi jurnalistlar uchun maxsus yopiq namoyishlar o‘tkazilmaydigan  bo‘ldi. 

Bundan tashqari, Kann festivalda qaynoq liniya ham ochilgan bo‘lib, u orqali ayollarga madaniyatsizlik qilganlar ustidan arz qilish ham mumkin. Bu masalada festival direksiyasi Fransiya hukumati bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Muxtasar aytganda, turli taassurotu tafsilotlarga boy bo‘lgan Kann kinofestivali tadbirlari davom etmoqda. E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston delegatsiyasi jahon kinobozorida o‘zining munosib o‘rnini egallash uchun astoydil harakat qilyapti. Dastlabki muvaffaqiyatlardan shu xulosaga kelish mumkinki, Kannda ilk bor ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik kinoijodkorlar o‘zlariga jahon kinosan’ati va kinosanoatini, jahon kinosanoati esa O‘zbekistonni kashf etmoqda, deyish mumkin.
M. Xolmatova yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?