Fransiya o‘zbek qovunlari va anoriga qo‘yilgan fitosanitar cheklovlarni olib tashladi

18:56 02 Avgust 2018 Iqtisodiyot
527 0
Foto: mft.uz

Fransiyada O‘zbekiston Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama savdo aloqalarining hozirgi holati va bu boradagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Ayni paytda respublikaning Fransiyaga noxomashyo eksporti u qadar katta hajmlarga ega emas. Bu asosan mahalliy mahsulotlarni shu qadar talabchan bo‘lgan Yevropa bozorlariga chiqish yo‘lidagi qiyinchiliklar bilan bog‘liq. Biz standartlarimizni YEI talablariga muvofiqlashtirish yo‘li orqali o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozorlariga chiqarishni maksimal darajada yengillashtirish uchun Yevropa Ittifoqi, jumladan, Fransiya bilan muzokaralar olib boryapmiz. Faqat shu yo‘l bilan meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti salohiyatini ro‘yobga chiqara olamiz”, - dedi O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.

Binobarin, safar davomida Fransiya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirliklari, Fransiya fitosanitariya departamenti, Agronomiya, veterinariya va o‘rmonchilik instituti mutasaddilari bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘z navbatida mamlakatimiz delegatsiyasi sarxil mahsulotlar ulgurji savdosi bo‘yicha dunyodagi eng yirik bozor – “Ranjis”ga tashrif buyurdi. Bozor prezidenti L.Layani bilan muloqot chog‘ida o‘zbek mahsulotlarini Fransiyada ilgari surish maqsadida seminarlar o‘tkazish hamda akkreditatsiya masalalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

“Ranjis” rahbariyati mamlakat eksport salohiyatini o‘rganish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish bo‘yicha Fransiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Ranjis” meva-sabzavot mahsulotlari savdosi bo‘yicha dunyodagi eng yirik ulgurji bozordir. U Parij janubida, Orli xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan bo‘lib, davlatga qarashlidir. Lekin Semmaris ko‘p ukladli xo‘jaliklari jamiyati tomonidan boshqariladi.

“Ranjis”ning 2017 yildagi tovar aylanmasi umumiy qiymati 9 mlrd. yevroga teng 3,5 mln. tonna turli oziq-ovqat mahsulotlarini tashkil etdi. Shundan 32 foizi eksportga yo‘naltirilgan. Bozorning 2500dan ortiq yetkazib beruvchisi bor. Ular chakana savdo korxonalari va ovqatlanish maskanlari bilan o‘zaro aloqani ta’minlaydi. Shunday qilib mahsulotlar keng miqyosda va o‘z vaqtida yetkazib beriladi.

“Ranjis”da ilg‘or logistika infratuzilmasi, samarali menejment tizimi, sifat nazorati, veterinar va fitosanitar tekshiruvi bo‘yicha doimiy xizmat faoliyati mavjudligi uni butun Yevropa uchun jozibadorligini oshirib keladi.

Muzokaralar yakunida Fransiya qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘zbek qovunlari va anoriga qo‘yilgan fitosanitar cheklovlar olib tashlandi. O‘zbekistondan behi, xurmo, olxo‘ri, qorag‘at va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ushbu davlatga olib kirishga qo‘yiladigan karantin talablari ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?