Fransiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

14:50 31 Avgust 2018 Siyosat
157 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Prezident janoblari!

Oʻz nomimdan va butun Fransiya xalqi nomidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi kuni bilan Sizga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan, Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va ravnaq tilashdan bagʻoyat mamnunman.

Koʻp yillar davomida hamkor boʻlib kelayotgan Fransiya va Oʻzbekiston munosabatlari yanada rivojlanib borayotganini olqishlayman. Ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi ortayotgani va strategik hamkorligimiz diversifikatsiya qilinayotgani barobarida joriy yilda siyosiy muloqotimiz yanada mustahkamlanadi. Parij shahriga boʻlajak rasmiy tashrifingiz davomida Siz bilan uchrashuvimizni katta mamnuniyat bilan kutyapman.

Ushbu tashrif oldidan ikki tomonlama koʻplab muhim uchrashuvlar, jumladan, 20 iyul kuni savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi oʻtkazildi. Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralar oʻzaro munosabatlarimizni faollashtirish va yanada diversifikatsiya qilish yoʻllarini muhokama etish uchun yaxshi imkoniyat boʻladi.

Fursatdan foydalanib, Sizni mamlakatingizning Fransiya uchun muhim boʻlgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi bilan qutlashga ijozat bergaysiz.

Prezident janoblari, Sizga boʻlgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz.

Emmanuel Makron,

Fransiya Respublikasi Prezidenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?