Fraksiyalararo muhokamalar: Avtomototransport vositalari ijarasi xizmati kimlarga beriladi?

12:55 12 May 2018 Siyosat
568 0
Foto: Limberi

Shu kunlarda parlament quyi palatasi qo‘mitalarida qator qonun loyihalari keng muhokama qilinmoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilib, Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ana shulardan biridir.

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari, tegishli idoralar mutasaddilari, soha mutaxassislari ishtirokida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan tadbirda ushbu hujjat normalari yuzasidan qizg‘in fikr almashildi.

Mamlakatimizda milliy turizm industriyasini, avtomototransport vositalarining ijara bozorini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etib, ushbu sohaga ehtiyoj tobora ortmoqda. Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Alisher Karimovning ma’lum qilishicha, transport vositalarini ijaraga berish masalalari notarial tasdiqlash talab etiladigan bitimlar turiga kiritilgan. Jahon tajribasidan ayonki, turistlarga birinchi galda qulaylik yaratish maqsadida ularga avtotransport vositalaridan foydalanishda hech qanday ortiqcha ma’muriy cheklovlar, to‘siqlar belgilanmagan.

Bizning qonunchiligimizda esa mazkur jarayon qo‘shimcha vaqt, xarajat talab qiladi. Taklif etilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, avtomototransport vositalarini 30 kungacha bo‘lgan muddatga notarial tasdiqlovsiz ijaraga berish ko‘zda tutilmoqda. E’tiborli jihati, avtomototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqi ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslarga taqdim qilinayapti. Bu mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashi barobarida, ichki turizmni ham jadal rivojlantiradi.

— Maqsad tushunarli, — deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakili Sattor Rahmatov. — Avtomototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan, degan jumlaga e’tirozim bor. Bu ixtisoslashuv nimaga kerak? Deylik, mening haydovchilik guvohnomam bor, demak, mashina boshqarishga huquqim bor, mashina egasidan mashina olmoqchiman. Bu yerda qanaqa ixtisoslashuv kerak? Yana bir munozarali savol, nega aynan yuridik shaxslarga bu imtiyoz berilmoqda, jismoniy shaxslarning ham qanchadan-qancha avtomashinalari bor. Ushbu loyihada qat’iy chegaralar qo‘yilgan, buni aniqlashtirish kerak.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Abdurashid Abduqodirov mazkur faoliyatda sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida avtomototransport vositalarini ijaraga berish huquqi aynan yuridik shaxslarga taqdim qilinayotganini qayd etdi.

— Ushbu tahrirni qo‘llab-quvvatlagan holda, aytish mumkinki, bizning asosiy vazifamiz texnikani ijarachiga soz holatda berib, uni shu holatda qaytarib olish, qisqacha aytganda, foyda ko‘rishga erishishdir, — deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Azamat Pardayev. — Shunday ish yuritish kerakki, xorijdan kelayotgan turist bo‘ladimi yoki mamlakatimiz fuqarosi bo‘ladimi, mazkur xizmatga bir marotaba emas, ko‘p marotaba murojaat qilsin. Shu talablarga ixtisoslashmagan oddiy fuqaro qanday javob beradi? Fikrimcha, ushbu tahrirni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Umidjon Sulaymonov qonun qabul qilingandan keyin ayrim kamchiliklar yuzaga chiqishi ehtimoli bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratdi. Ayni chog‘da avtomototransport vositalarini yuridik shaxslar bilan bir qatorda, yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ijaraga berishi taklifini ilgari surdi.

— Muhokama qilinayotgan qonun loyihasi konsepsiyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, — deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Nodir Muxtorov. — Aytish joizki, mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun bir nechta xodimlar, ya’ni mexanik, injener, transport sozligini tekshiruvchi mutaxassis, chet ellik turist bo‘lsa, tarjimon kerak bo‘ladi. Bularni jamlasak, ushbu xizmatni aynan yuridik shaxs yo‘lga qo‘yishi lozimligi ayonlashadi. Bizga ma’lumki, yakka tartibdagi tadbirkor ikkita xodim olishi mumkin, o‘zi bilan uch nafarni tashkil etadi, xolos.

Bundan tashqari, qonun loyihasida ixtisoslashgan, degan so‘zning qo‘shilishi, albatta, bu sohada xizmat ko‘rsatuvchilar doirasini toraytiradi. Shu bilan birga, turistning xavfsizligini ta’minlash borasida ularning mas’uliyatini kuchaytiradi.

Avtomototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqining faqat yuridik shaxslarga taqdim qilinishi qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Shuhrat Polvonov buni unga tor doirada e’tibor qaratilayotgani natijasi, deb ta’kidladi. Deputatning fikricha, Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish fuqarolik huquqi nazariyasiga ziddir. Nima sababdan? Ijara shartnomasi, bu — fuqarolik-huquqiy munosabat, mazkur sharoitda tomonlar teng. Bunga zid ravishda qo‘shimcha kiritilayotgani esa mana bu tarafgina shartnoma tuza oladi, degan cheklovni qo‘yayapti. Bu esa tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Qizg‘in kechgan bahs-munozaralarda qonun loyihasining mamlakat turizm salohiyatini yuksaltirishdagi ahamiyatidan kelib chiqib, muxolif fraksiyalar uni qayta ko‘rib chiqish hamda konseptual o‘zgartishlar kiritish zarurligini ta’kidlab o‘tishdi.

Yig‘ilish yakunida mas’ul qo‘mita ushbu qonun loyihasini mutaxassislar va keng aholi ishtirokida atroflicha muhokama qilishga kelishib oldi.
 

Ziyoda ASHUROVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?