“Fraksiya – markaz – viloyat – tuman” tartibida ishlaydigan mexanizm joriy etildi

22:42 15 Oktyabr 2020 Siyosat
110 0

2020-yil 15-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtgan tadbirda fraksiya tomonidan joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilning 9 oyi davomida fraksiyasining qonun loyihalari muhokamasiga bagʻishlangan 38 ta yigʻilishi oʻtkazilib, ularda 156 ta qonun loyihalari koʻrib chiqildi. Hisobot davrida fraksiya deputatlari tashabbusi huquqi asosida 6 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Shuningdek, fraksiya tashabbusi bilan “qonunlarning asosiy muallifi xalq boʻlishi kerak” tamoyiliga asosan, Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari yuzasidan partiyaning qoʻyi tizimidan takliflar olish va umumiy pozitsiyani shakllantirish yoʻlga qoʻyildi. Yaʼni, “Fraksiya – markaz – viloyat – tuman” tartibida ishlaydigan mexanizm joriy etildi. Ushbu tizim orqali oʻtgan davrda 30 ga yaqin qonun loyihalari boʻyicha 400 dan ortiq taklif fraksiyaga taqdim etildi. Natijada ularning 90 dan ortigʻi qonun loyihalariga kiritildi.

Qayd etilganidek, “Adolat” SDP fraksiyasi nazorat-tahlil faoliyatida partiya elektorati manfaatlariga javob beradigan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha, partiyaning Siyosiy Kengashi va joylardagi boʻlimlari bilan hamkorlikda va tizimli ish olib bordi.

Jumladan, fraksiya tomonidan sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar holati, xususan, hududlarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish qulayligi va sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida Surxondaryo viloyatida, sud-huquq sohasidagi islohotlarni yana-da chuqurlashtirish borasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlarning holatini oʻrganish, xalq bilan muloqot qilish hamda koronavirus pandemiyasi davrida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish hamda boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar barcha hududlarda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash borasida sektorlar va ijro organlari rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar holati Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida fraksiya deputatlari tomonidan oʻrganildi. Oʻrganishlar yakunlari boʻyicha xulosalar tayyorlandi va ijrosini taʼminlash maqsadida Hukumatga takliflar kiritildi.

Joriy yilda fraksiya parlament eshituvlariga ham alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, pandemiya davri asoratlariga qaramasdan taʼlim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, professional kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish kabi muammolar yechimiga eʼtibor qaratildi.

Aynan shu masala Qonunchilik palatasida tashkil etilgan “Hukumat soati”ga kiritilib, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining “Kasb-hunar taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarni kasbiy taʼlimga qamrab olish chora-tadbirlari hamda sohani rivojlantirishdagi rejalar toʻgʻrisida”gi hisoboti tinglandi.

Shuningdek, fraksiya aʼzolari bugun ayrim hududlarda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, ulardan xoʻjasizlarcha foydalanish, yer uchastkalarini ajratishda korrupsiya hollari uchrab turganiga alohida ahamiyat qaratdi. Ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan koʻplab maqolalarda aholi aynan sohadagi qonunbuzarliklardan norozi ekani va bu yechimini kutayotgan dolzarb masalaga aylangani sababli ushbu masalani ham fraksiya tashabbusi bilan “Hukumat soati”ga kiritib, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining “Yer maydonlarini tanlash va tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini ajratish, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hisoboti eshitildi.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, pandemiya davrida vaqtincha daromadsiz qolgan, ijtimoiy-ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati boʻyicha kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarning 15 220 nafariga partiya deputatlari va koʻngilli volontyorlari tomonidan zaruriy oziq-ovqat va tibbiyot mahsulotlari yetkazib berildi.

Tadbirda fraksiya faoliyatda bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklar ham mavjud ekanligi va ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilanganligi qayd etildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga deputatlardan batafsil javob oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?