Fraksiya koʻplab ish oʻrinlari yaratish tarafdori

13:41 22 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
473 0

Bugun noturar obyektlar qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarini oʻzlashtirish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik subyektlarining masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, korxonalarni faol xoʻjalik faoliyatiga jalb etish hamda shu asosda yangi ish oʻrinlarini yaratish dolzarb sanaladi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi mazkur masalalar yechimiga qaratilgan.

Qonun loyihasi Prezidentimizning 2018 yil 17 avgustdagi Farmoni bilan tasdiqlangan Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Fraksiya aʼzolari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanish yuzasidanqator amaliy ishlar olib borilayotgan bir paytda ayrim tadbirkorlik subyektlarining noturar obyektlar qurish uchun ajratilgan yer uchastkalaridan foydalanishda loqaydlikka yoʻl qoʻyayotganini taʼkidlab, ularga nisbatan talabning kuchaytirilishini maqsadga muvofiq, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, aynan shunday tadbirkorlik subyektlarining harakatsizligi sabab, koʻplab ish oʻrinlari yaratilmasdan qolmoqda. Bu esa partiya saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarga ham zid.

Qayd etilganidek, mazkur hujjatning qabul qilinishi bilan noturar obyektlar qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarini oʻzlashtirish muddati uch yildan ikki yilgacha qisqartiriladi. Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektlarining masʼuliyatini oshirishga ham turtki beradi.

Yigʻilishda, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Unda davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari tomonidan byudjetning ijro etilishi bilan bogʻliq maʼlumotlar, mazkur davlat organlarining byudjet xarajatlarini rejalashtirish, shakllantirish va ijro etishga oid maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarda joylashtirish orqali jamoatchilik foydalanishi uchun huquqiy sharoit yaratilishi belgilanmoqda. Bu nimani anglatadi? Bu, avvalo, byudjetning xarajatlari hamda daromadlaridan aholi muntazam xabardor boʻlishini kafolatlaydi, deganidir.

Muhokamalarda byudjetning ochiqligi toʻgʻrisida Amerika Qoʻshma Shtatlari, Kanada, Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston mamlakatlarida amalda boʻlgan tartib va qonunchilik yuzasidan axborot berildi.
Yakunda koʻrib chiqilgan qonun loyihalarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan takliflar bildirildi.

Ziyoda ASHUROVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?