Fraksiya aʼzolari yuborgan 33 deputatlik soʻrovining taqdiri nima boʻldi?

15:28 18 Oktyabr 2018 Siyosat
615 0

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Ayni chogʻda fraksiyaning shu yil toʻqqiz oy mobaynida amalga oshirgan ishlari tahlil qilinib, istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 19 ta qonun loyihasi qonun tashabbusi huquqi asosida kiritilgan boʻlib, ularning 15 tasida fraksiya aʼzolari ishtirok etgan, shuningdek, partiya Saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarning ijrosiga qaratilgan 3 ta qonun loyihasi aynan fraksiya aʼzolarining tashabbusi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining muhokamalariga kiritilgan.

Bundan tashqari, fraksiya aʼzolari partiya tashkilotlari va guruhlari tomonidan hududdagi mavjud moddiy madaniy meros obyektlarini toʻliq inventarizatsiya qilish, ularni muhofazalash va foydalanish holatini oʻrganish hamda bu boradi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda ham faol qatnashgan. Bugungi kunga qadar, respublikamizdagi mavjud 7 500 dan ortiq moddiy madaniy meros obyektlaridan 6 620 ga yaqini oʻrganilib, qayta xatlovdan oʻtkazildi. Moddiy madaniy meros obyektlarini asrash va tarixiy yodgorliklarni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va konservatsiyalash, ularning chegaralarini, muhofaza hududlarini belgilash, kadastr roʻyxatidan oʻtkazish choralari koʻrilmoqda hamda 2019 yilgi Davlat byudjeti loyihasiga ushbu tadbirlar uchun zarur mablagʻlar ajratilishi koʻzda tutilmoqda.

Anjumanda bu borada parlament nazorati amalga oshirilgani, xususan, joriy yil uchun fraksiya tashabbusi bilan meʼmoriy-tarixiy, ijtimoiy-madaniy obyektlarni asrab-avaylash, turizm salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, yanada ommalashtirib, targʻib qilish maqsadida mamlakatimizdagi madaniy-arxeologiya merosi obyektlarida konservatsiyalash va restavratsiya qilish ishlarini oʻtkazish boʻyicha dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 38,7 milliard soʻm ajratilishiga erishilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, fraksiya aʼzolarining hududlardagi faoliyati, saylovchilar bilan uchrashuvlari oldingi yillarga nisbatan samarali kechdi. Xususan, joylardagi haqiqiy holatni oʻrganish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim vazifalarini hal etish, fuqarolarning huquq-manfaatlarini taʼminlash yuzasidan aniqlangan masalalar yechimi boʻyicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga 33 ta deputatlik soʻrovi yuborilib, 29 ta (97,8 foiz) masala ijobiy hal etilgan, 1 tasiga javob kutilmoqda, qolgan 3 tasi joylardagi 2019 yilga moʻljallangan Davlat dasturiga kiritilishi bilan bogʻliq ekani taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?