Fototanqid: G‘uzordagi betartiblikni kim tartibga oladi?

12:35 19 Iyun 2018 Jamiyat
629 0
Foto: “Xalq so‘zi”

G‘uzor tumanidagi O‘zbekiston ko‘chasidan Xo‘jaguzar, Gulshan mahallalariga o‘tuvchi yo‘lda har kuni ertalab yuzaga kelayotgan tirbandlik odamlar asabini sinovdan o‘tkazmoqda. 

Foto: “Xalq so‘zi”

Viloyatdagi muxbirimiz Ahad Muhammadiyev voqeaga oydinlik kiritish uchun mahalliy aholi vakillari bilan suhbatda bo‘ldi. Yo‘llardagi tirbandliklar odatda yirik shaharlar ko‘chalarida kuzatiladi. Bu ko‘pincha yo‘llardagi ta’mirlash ishlarining olib borilishi, transport oqimining ko‘payishi hisobiga yuzaga keladi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Ammo G‘uzor tumanida har kuni ertalabdan boshlanadigan tirbandlikka bu omillarni sabab qilib ko‘rsatib bo‘lmaydi. Haydovchilarning ta’kidlashicha, bunday tirbandlik barcha transport oqimining G‘uzor daryosining ikki qirg‘og‘ini bog‘lovchi yagona ko‘prikka borib taqalayotgani va qo‘shimcha aylanma yo‘lning yo‘qligi sababli yuzaga kelmoqda. Ustiga ustak rekonstruksiya munosabati bilan dehqon bozorining yopilishi tufayli ko‘chma savdo rastalari yo‘l ustiga chiqib, transportlar harakatini to‘sib qo‘ymoqda.

Foto: “Xalq so‘zi”

“Gohida shu yo‘lda soatlab qolib ketamiz. Ishga, bog‘cha, maktabga boruvchilarning kechikkani-ku mayli. Tez yordam yoki o‘t o‘chirish mashinasi yarim soat kechiksa nima bo‘lishini tasavvur eting. Chaqiruvchining uyi kuyib ketadi-ku”, - deydi haydovchilardan biri.

Foto: “Xalq so‘zi”

Odamlarning aytishicha, ushbu ko‘prikdan boshqa aylanma yo‘lning yo‘qligi tufayli barcha mashinalar shu yo‘ldan yuradi. Aslida aylanma yo‘l bor. Lekin Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji yaqinidagi eski ko‘prikning yaroqsizligi tufayli bu yo‘ldan foydalanib bo‘lmayapti. Holbuki, xavfsizlik nuqtai nazaridan ham tuman markazini G‘uzor daryosining narigi qirg‘og‘i bilan bog‘lovchi qo‘shimcha aylanma yo‘l zarur. Ushbu muammoning yechimi esa tuman rahbariyatining masalaga qay darajada yondashuviga bog‘liq, albatta.

Foto: “Xalq so‘zi”

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?