Fotoreportaj: Kirish-chiqish cheklangan Toyloqda nima gap?

23:54 28 Aprel 2020 Jamiyat
708 0

Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi chora sifatida 24-apreldan Samarqand viloyatining Toyloq tumaniga kirish va chiqish cheklandi.

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidovning koʻrsatmasiga asosan tegishli tuzilmalar bilan hamkorlikda yana bir maxsus ishlov berish yigʻma otryadi mazkur tumanga yoʻnaltirildi. Bu haqda harbiy jurnalist Gʻayrat Madrahimov maʼlum qildi.

Qisqa fursatda “Biologik zararlanish vaziyatida dezinfeksiya tadbirlarini oʻtkazish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlar” rejasi ishlab chiqilib, yigʻma otryad zimmasiga izolyatsiya qilingan hududni xavfli infeksiyadan batamom tozalash vazifasi yuklandi.

27-aprel kuni dezinfeksiya ishlarida faollik koʻrsatgan Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari hamda blok-postlarda sergaklik bilan xizmatni oʻtayotgan harbiylar harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan ragʻbatlantirildi.

Bundan tashqari tumanda tashkil etilgan 35 ga yaqin blok-postlar aholi va texnikalar harakatini vaqtincha cheklab, bu orqali xavfli infeksiyaga qarshi samarali kurashishga imkon yaratilmoqda.

Tuman markaziga olib kiradigan barcha koʻchalar va dala yoʻllariga avtomobil harakatini cheklash uchun beton toʻsiqlar oʻrnatilgan. Asosiy yoʻllar va koʻpriklarda harbiy xizmatchilar oʻziga biriktirilgan qurol-aslaha hamda jangovar texnikalarda patrullik xizmatini olib bormoqda.

Toyloq tumanidagi blok-postlarga jalb qilingan qoʻriqlash boʻlinmasi shaxsiy tarkibi 14 kundan soʻng Samarqand harbiy gospitaliga karantinga joylashtirilishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?