Fotofakt: Hokim tashabbusi bilan bolalar shifoxonasi xodimlari oq xalatdan voz kechishdi

15:49 11 Oktyabr 2018 Jamiyat
645 0
Foto: “Xalq soʻzi Online“.

“Xalq soʻzi Online“. Saminjon Husanov/Andijon. Hech eʼtibor berganmisiz, nima uchun yosh bolalar oq xalatli shifokorlardan qoʻrqishadi? Ularning ignasi boʻlgani uchunmi? Mutaxassislarning fikricha, oq rang bolalar ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularni sergaklikka, hushyorlikka chorlaydi va qoʻrquv hissini uygʻotadi. Yaqinda Germaniya davlatida xizmat safarida boʻlib qaytgan Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning taʼkidlashicha, xorijda bolalar shifoxonalari xuddi ertaklar olamiga oʻxshar ekan. Hatto shifokorlar ham oq xalatda yurmas ekan.

Foto: “Xalq soʻzi Online“.

Viloyat delegatsiyasining xorijiy safaridan soʻng Andijon shahar bolalar shifoxonasini taʼmirlash uchun 3,6 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ ajratildi. “Jahon Maʼmur qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilgan taʼmirlash ishlari natijasida shifoxona haqiqiy ertaklar olamiga aylandi. Endi bu yerga davo izlab kelgan kichkintoylar dardni ham unutib oʻzini sehrli olamda yurgandek tasavvur qiladilar. Hatto shifokor va hamshiralar ham oq xalatda emas, ertak qahramonlari tasviri tushirilgan libosda yuradilar.

“Umrim bino boʻlib kasalxonadan ketmayman, deb yigʻlagan bolani birinchi marta koʻrishim. Nabiramni maʼlum vaqt davolatishimga toʻgʻri keldi. Muolajalar yakunida esa u uyga qaytmayman, deb xarxasha qilsa boʻladi“, - deydi Lutfiya Roziqova.

Bolajonlar uchun moʻjizalar makoniga aylangan bu maskanga kelgan kichkintoylar bu yerdagi sharoitlarni koʻrgach vujudidagi dardni ham unutib qoʻyayotgani ayni haqiqat. Zero, kasallikni davolashni ruhiyatdan boshlash kerak, deb bejizga aytishmagan.

Foto: “Xalq soʻzi Online“.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?