Fotofakt: Gulistonda Alisher Navoiyning yangi haykali ochildi

13:05 23 Oktyabr 2018 Madaniyat
1212 0
Foto: “Xalq soʻzi Online”.

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Prezidentimiz joriy yil koʻklamida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurganlarida Guliston shahrida bunyod etilgan “Bilimdonlar maskani”da boʻlib, bu yerdagi Mustaqillik arafasida oʻrnatilgan, beton qorishmasidan yasalgan Alisher Navoiy haykalini zamonaviy haykaltaroshlik ashyolari asosida yaratiladigan yangisiga almashtirish boʻyicha tavsiya bergan edilar.

Bugun ushbu maskanda ulugʻ shoirimizning sof misdan ishlangan salobatli haykali tantanali ravishda ochildi. Marosimda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim sohasi vakillari, ijodkorlar, talabalar ishtirok etdilar.

Foto: “Xalq soʻzi Online”.

“Alisher Navoiyga oʻrnatilgan mazkur yodgorlikning postamenti avvalgisidan bir metru 60 santimetrga balandlashdi va uning boʻyi 5 metru 80 santimetrga yetdi. Haykal Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi buyurtmasiga binoan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Ilhom Jabborov tomonidan ishlandi”, - deydi Sirdaryo viloyati hokimligining qurilish boʻyicha “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi direktori oʻrinbosari Sherali Abdullayev .

Foto: “Xalq soʻzi Online”.

Maʼlumot uchun, taniqli haykaltarosh, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi Ilhom Jabborov poytaxtimizdagi, Samarqand va Shahrisabz shaharlaridagi Amir Temur, Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi, Fargʻona va Quvadagi Ahmad Fargʻoniy haykallari muallifi. Shuningdek, u viloyatlardagi “Motamsaro ona” va yana koʻplab haykaltaroshlik asarlarini yaratgan yurtimizning mashhur ijodkorlaridan biridir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?