Farangiz Rejametovaning so‘nggi kuni qanday o‘tgan edi? (Foto)

14:19 27 Iyul 2018 Madaniyat
2561 0

“Oyijon” filmidagi bosh rol ijrochisi, aktrisa Fotima Rejametovaning qizi Farangiz Rejametova (Jamolxonova) 20-iyul kuni YTH oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik. “Darakchi.uz” voqea joyida guvoh bo‘lgan, Farangiz hayotining so‘nggi daqiqalarida yonida turgan dugonalari bilan bog‘landi. Shuningdek, uning vafotidan 3 daqiqa avval olingan surat bilan bo‘lishdi.

Farangizning vafotidan 3 daqiqa avval olingan surat. Foto: “Darakchi.uz”


Dilnoza Bobomirzayeva: — Farangiz bilan kursdosh bo‘lganmiz. Xuddi opa-singildik edik. Nimani o‘ylasa yoki siqilsa doim bo‘lishardi, sirlashardik.
May oyida dadasining o‘limidan so‘ng Farangiz o‘zini yo‘qotib, ko‘ngli kemtikib yurardi. O‘limidan bir hafta oldin esa uyiga bordim. Yarim tungacha mazza qilib suhbatlashib, kulishib o‘tirdik. Ertasi kuni haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonga tayyorlandi. Ammo ming afsus, o‘sha guvohnomani qo‘liga olish o‘ziga nasib etmabdi (yig‘laydi)...
Nargiza Bobomurodova: — Bilasizmi, Farangiz istirohat bog‘ini juda yaxshi ko‘rardi. Hayotining so‘nggi kunlarida ham “Ketdik parkka, yuringlar aylanib kelamiz” deb ko‘p gapirgandi.O‘sha mudhish kun besh dugona yig‘ilib, Mirzo Ulug‘bek bog‘iga bordik. Lekin u hech qaysi attraksionda uchmadi. Faqat sayr qildi va uni o‘sha holat qoniqtirayotganini sezardik. Bog‘dan chiqib, ovqatlanishga yo‘l olganda, bog‘ yaqinidagi piyodalar o‘tish yo‘lakchasida... undan ayrilib qoldik (yig‘ladi)...
Dilnoza Bobomirzayeva: — Men va ikki qiz orqada, Farangiz esa Mohiniso bilan bizdan oldinroqda ketishayotgandi. (Bog‘dan chiqqan boshqa ko‘pchilik odamlar ham ana shu yo‘lni kesib o‘tayotgandi) Dugonamizdan yarim qadamgina oldinda qadam tashlab yurgan Farangizni aynan o‘sha qora mashina urib ketdi.
Nargiza Bobomurodova: — (Xo‘rsinib yig‘lab) Bugun o‘sha holatni ko‘z oldimdan umuman ketmayapti. Farangiz katta tezlikda kelayotgan mashinaning zarbidan shu qadar yuqoriga uchib ketdiki... Yerga ikki uch marta dumalab tushdi. Boshidan juda ko‘p qon oqardi. Tez yordamga qo‘ng‘iroq qildik, ammo ularning vaqtida kelolmaganidan, o‘sha yerda yo‘l harakatini nazorat qilib turgan militsiya xodimi, Farangizni urib ketgan mashina egasiga aytib, bizni shifoxonaga yubordi. Farangizni Dilnoza bilan birga olib ketdik. Birinchi Tibbiyot Akademiyasiga borganimizda shifokorlar dugonamizni vafot etganini ma’lum qilishdi.
Dilnoza Bobomirzayeva: — Bilasizmi, yo‘lda ketayotganimizda Farangizning yuragi urib turganini sezgandim. Ammo shifokorlarning aytishicha, miyaga tekkan qattiq zarb uning hayotiga nuqta qo‘ygan ekan. Tasavvur qiling, jism o‘lgan, ammo yurak urib turibdi... (yig‘lab) Bu ham bejizga emas. Chunki Farangiz hayotni sevar, har bir kunidan zavq olib yashashni istardi. Farishtadek beozor, beg‘ubor qiz edi. Uning bir olam orzulari bor edi, afsus...
21-iyul kuni soat 13:00 da Farangizimizni so‘nggi yo‘lga kuzatdik. O‘sha kundan beri uning xonadonidamiz. Fotima opaning yonida dalda bo‘lib turishga harakat qilyapmiz. Zero, bu fojiada onaning qalbi kabi azobda qiynalayotgan, dard chekayotgan inson bo‘lmasa kerak.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?