Forish tumanida foto-elektr (quyosh) stansiyasi oʻrnatildi

11:19 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
90 0

Forish tumanida “LAZZAT KAFOLAT” uzumchilik fermer xoʻjaligiga qarashli uzumchilik plantatsiyasida suv chiqarib beruvchi chuqurlik nasosini elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida “Oftob nur” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan foto-elektr (quyosh) stansiyasi oʻrnatildi. Bu haqda Forish tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Quyosh nuri evaziga ishlab chiqarilgan elektr energiyasi yordamida chuqurlik nasosi suv chiqarib berib, ekinlarni doimiy suv bilan taʼminlanmoda.

Shu munosabat bilan “LAZZAT KAFOLAT” uzumchilik fermer xoʻjaligi dalasida “Quyosh energiyasi yordamida qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini sugʻorish usullarining afzalliklari” mavzusida koʻrgazmali amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

Seminarga barcha tumanlardagi fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengash raislari, fermer xoʻjaliklari raislari hamda tomorqa yer egalari taklif etildi.

Seminarni Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi taʼminot boʻlimi boshligʻi Noʻmonjon Rahimov kirish soʻzi bilan ochdi.

Seminarda “Oftob nur” korxonasi rahbari Shoxrux Narziqulov “Quyosh energiyasi yordamida qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini sugʻorish uskunalarining afzalliklari” mavzusida maʼruza qildi.

- Biz oʻrnatgan fotoelektr stansiyasi 10 kvt elektr energiyasi ishlab chiqarib, 7,5 kvtli chuqurlik nasosida 89 mm.li trubada soatiga 40 tonna suv chiqarib beradi, - deydi “Oftob nur” korxonasi rahbari Shohrux Narziqulov. Narxi 78 million soʻm boʻlib, ishlash muddati 25 yilga moʻljallangan. Shamol va yogʻingarchilik unga taʼsir etmaydi.

Korxonamiz bugungi kunda aholi hamda yuridik shaxslar uchun fotoelektr stansiyasi ishlab chiqarmoqda.

Seminarda “LAZZAT KAFOLAT” uzumchilik fermer xoʻjaligi rahbari Rahmat Narziyev quyosh energiyasi yordamida sugʻorish tizimidan foydalanish tajribasi xususida soʻz yuritdi.

- 1 kilometr masofaga elektr tayanchlar va sim orqali tarmoq tortib kelishga 300 million soʻmdan ziyod mablagʻ sarfladim - , deydi “LAZZAT KAFOLAT” fermer xoʻjaligi raisi Rahmat Narziyev. – Bunga har oyda sarflanadigan elektr energiyasi narxini qoʻshganda ishlab chiqarayotgan mahsulotingiz qanchaga tushishini hisoblab koʻravering. “Oftob nur” korxonasi ishlab chiqarayotgan fotoelektr stansiyalari haqida eshitib, ularga murojaat qilgandim. Oʻzlari kelib oʻrnatib berishdi. Oddiyligi, qulayligi va kamxarjligi bilan bizni mamnun etdi. Koʻrib turganingizdek yangi ekilgan tokzorlarimizni shu usulda sugʻoryapmiz. Endigi vazifamiz tomchilatib sugʻorish usulini joriy etish.

- Men seminarga Gʻallaorol tumanidan tashrif buyurdim, deydi “Shodmonbek” fermer xoʻjaligi raisi Ortiqboy Shodmonqulov. Fermer xoʻjaligi gʻallachilik va chorvachilik bilan shugʻullanadi. 4,5 gektar yerda bogʻ yaratmoqchimiz. Bu usul lalmi maydonlarda dehqonchilik qilayotgan fermerlar uchun qulay va foydali ekan. Shu bois biz ham yangi tashkil etiladigan bogʻimizni shu usulda sugʻorishga ahd qildik.

Seminar nihoyasida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha murojaat etishib, tegishli javob oldilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?