Forbes: “Oʻzbekiston tarixdagi oʻzining munosib oʻrnini qayta egallamoqda”

12:06 29 Iyul 2019 Siyosat
293 0

Illyustrativ foto

Dunyoga mashhur Forbes jurnali(AQSH) saytida “Oʻzbekiston delegatsiyasining AQSHga tashrifi. U mamlakat uzoq yillik yakkalikdan soʻng biznes uchun ochiqligini maʼlum qilmoqda” sarlavhasi ostida maqola berildi.

Respublikamizning AQSHdagi elchixonasi xabariga koʻra, materialda 16-23-iyul kunlari Oʻzbekistonning yuqori darajadagi delegatsiyasi, shuningdek, biznes-doiralari AQSHga tashrif buyurgani qayd etilgan. Xususan, mehmonlar avvaliga siyosiy maslahatlashuvlar uchun Vashington shahriga borishdi. Safarning ishbilarmonlik sohasi bilan bogʻliq qismi esa Nyu-Yorkda boʻlib oʻtdi.

Maqola muallifi Melik Kaylan Manxetten(Nyu-York shahri)da tashkil etilgan “Oʻzbekiston kapital bozori imkoniyatlari” investitsiya forumida ishtirok etdi. U Oʻzbekiston tomonining mamlakatga kapital kiritish imkoniyatlariga oid taqdimotlarini yaxshi tayyorlangani hamda chuqur oʻylanganini eʼtirof etgan.

M.Kaynanning soʻzlariga koʻra, Amerika biznes jamoatchiligi oʻzbek delegatsiyasini katta xursandchilik bilan kutib olgan, tadbirda jiddiy, samarali ishlash va aniq natijalarga erishishga qaratilgan ijobiy kayfiyat yaqqol sezilib turgan.

U butun forum davomida ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasidagi oʻziga xos iliq, ishonchli munosabatlar yorqin namoyon boʻlganini aytib oʻtadi.

Maqolada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev - islohotchi, oʻz mamlakati “iqtisodiy taqdiri”ni yaxshilash yoʻllarini aniq-ravshan tasavvur etadigan shaxs ekanligiga alohida urgʻu berilgan.

Oʻzbekiston rahbari bir necha yil ichida mamlakat kelajagini yaxshi tomonga oʻzgartirdi - mahbuslarni ozod qildi, mamlakatga xorijiy OAVni kiritdi, respublikani tashqi savdo hamda sarmoyalar uchun ochdi. Mamlakat rahbariyati yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ulkan eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti xorijda taʼlim olgan yangi, yosh isteʼdod egalarini rahbarlik lavozimlariga tayinladi, mamlakatda korrupsiyaga qarshi faol kurash olib borilyapti.

Muallifning baholashicha, Oʻzbekiston rahbari mamlakatda oʻzgarishlar boʻlishi kerakligini tushunadi va mazkur yoʻnalishdagi dastlabki qadamlar qoʻshni davlatlar bilan chegara nizolarini hal etish hamda Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Afgʻoniston bilan foydali savdo bitimlarini imzolashdan boshlandi. Zero, bu mintaqa bozori 300 million kishini qamrab olgan.

Nashr Oʻzbekiston lideri aholi bilan maslahatlashish, ularning shikoyatlarini koʻrib chiqish va maslahatlar olish uchun butun mamlakat boʻylab xalq qabulxonalari ochilganiga ham toʻxtalib oʻtgan. Aholi bilan oʻzaro barqaror aloqani topish, odamlar bilan maslahatlashish, ularning ehtiyojlarini bilish va muammolarini hal qilish mazkur ezgu ishlarning asosiy gʻoyasidir.

Forum davomida maqola muallifi oʻzbekistonlik ishbilarmonlar bilan ham suhbatlashgan. Shular asosida Oʻzbekiston iqtisodiyoti yiliga 5 foizdan oʻsib bormoqda va tezlashishda davom etyapti, degan xulosaga kelgan. Maqolada mamlakatda har qanday tebranishlardan xoli, barqaror taraqqiyotga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani aytib oʻtilgan. Oʻzbekiston aholisi ehtiyojlarini qondirish masalasi esa diqqat markazidadir.

Yakunda Melik Kaylan Oʻzbekiston qariyb oʻttiz yildan soʻng tarixdagi oʻzining munosib oʻrnini yana egallayotganini eʼtirof etgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?