Forbes: Oʻzbekiston – Xitoy qurayotgan yangi ipak yoʻlidagi yashirin javohir

17:57 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
200 0

Oʻzbekiston jahonning eng diqqatga molik investitsion hududlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni sotsializmdan kapitalizmga oʻtkazish harakatlari 50 mlrd. dollar YAIM qiymatidagi iqtisodiyotni investorlar nazariga tushirishi kutilyapti, deb yozmoqda Forbes nashri.

“Oʻzbekiston – Xitoy tiklayotgan yangi ipak yoʻlidagi yashirin javohir” sarlavhali maqolada muallif, Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlida joylashgan qadimiy shaharlari Toshkent va Samarqand bilan mashhurligiga diqqat qaratgan.

“Bir-biri bilan 344 kilometrlik tezyurar poyezd yoʻli bilan bogʻlangan bu shaharlar AQSH-Xitoy savdo urushi avj olayotgan bir paytda jahon savdosida muhim oʻrin tutadi”, – deb taʼkidlangan nashrda.

Hozir Toshkentda 1,7 mlrd. dollarlik xalqaro biznes va moliyaviy xab barpo etilmoqda. Loyiha sanoat parki, 8ta biznes-markaz, yirik savdo majmuasi, restoranlar va madaniy markaz, shuningdek, 70 gektar maydondagi turarjoy majmualarini oʻz ichiga oladi, deya maʼlumot berilgan Forbes maqolasida.

Muallif Rayner Maykl Prayssning fikricha, Oʻzbekiston Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jahonning eng tez oʻsayotgan iqtisodiyotlaridan biri boʻlib turibdi.

“Bor-yoʻgʻi ikki yildan koʻproq vaqt ichida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy yopiqlikdan erkin bozor iqtisodiyotiga oʻtdi. Mirziyoyev valyuta ayirboshlash kursini erkin oqimga oʻtkazdi, moliyaviy egalik huquqini mustahkamladi, strategik ahamiyatga ega boʻlmagan biznes turlaridagi davlat ulushini sotish orqali xususiylashtirish tashabbusini bildirdi.

Bu islohotlar ortidan, mamlakat hukumati maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda turistlar oqimi 2018-yilga qaraganda 2 baravardan koʻproqqa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya miqdori esa 2019-yilning birinchi yarmida bir yil oldingiga nisbatan 4 baravarga oshgan”, deb yozgan xalqaro nashr.

Qayd etilishicha, Gʻarb davlatlarining katta qismi qarzga botgan bir paytda Oʻzbekistonning tashqi qarzi YAIMning 19,8 foizini tashkil qiladi. Fevral oyida mamlakatning ilk xalqaro suveren obligatsiyalari qiymati 1 milliard dollarni tashkil qildi. 10 yil muddatga 5,375 foizdan joylashtirilgan yevrobondlar narxi hozir 110 dollarga teng, ularning daromadliligi 4 foizga tushgan. Standart & Poors va Fitch Ratings agentliklari reytinglarida Oʻzbekiston – Boliviya, Braziliya va Bangladesh kabi – oʻrta investitsion darajadan uch pogʻona pastda, yaʼni BB- kategoriyasida qayd etilgan.

Ammo faxriy investor Mark Mobiusning soʻzlariga koʻra, xalqaro moliya menejerlarida Oʻzbekistonning kredit reytingiga nisbatan tobora ijobiy fikr uygʻonmoqda. Mamlakat investorlar uchun jozibali ekaniga sabablardan yana biri esa u yerda gaz, oltin va boshqa metallar kabi tabiiy boyliklar koʻpligidir, deydi u. Oʻzbekiston, shuningdek, paxta eksporti boʻyicha jahonning yetakchi davlatlaridan biri sanaladi.

“Hozir Oʻzbekistonning mahalliy tadbirkorlari biznes uchun kapitalga katta ehtiyoj sezmoqda, biroq ichki kapital bozori ularning bu ehtiyojini toʻla qondirishga qodir emas”, deydi investitsion faoliyatga doir konsultativ xizmatlar koʻrsatuvchi Daruma Sapital kompaniyasi boshqaruv hamkori Yodgor Gʻofurov.

Uning aytishicha, bank sektoridagi boshqaruv tizimining konservativligi va mahalliy kredit stavkalari yuqoriligi (Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini 16 foiz etib belgilagan) sabab kompaniyalar ichki bozordan kredit olishni istashmayapti. Bu esa Oʻzbekiston kabi tez oʻsib borayotgan bozorlarni egallashga tayyor xorijlik investorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Oʻzbekistonda ayniqsa bank sektori xalqaro investorlar uchun katta imkoniyat boʻla oladi. Aholining aksariyat qismi avvalboshdan bank xizmatlaridan deyarli foydalanmaydi. Ayrim ekspertlarning baholashlaricha, bor-yoʻgʻi 5 foiz aholi bankda oʻz hisob-raqamiga ega, koʻpchilik hamon oʻz jamgʻarmalarini naqd pul koʻrinishida saqlamoqda. Bu holat, yangi hukumat maoshlar bank hisob-raqamlari orqali toʻlanishi boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish kiritayotganini inobatga olsak, tez orada oʻzgaradi.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2018-yilda 6 foizga oʻsdi. Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi prognozlariga koʻra, keyingi bir necha yil davomida bu oʻsish hatto 8 foizni ham tashkil etib borishi mumkin. 33 million aholining 64 foizini yoshlar, yaʼni 35 yoshga toʻlmaganlar tashkil etishini hisobga olsak, Oʻzbekistonda hali oʻsish uchun potensial yuqori.

Hozir Oʻzbekistonda YAIM aholi jon boshiga 1500 dollarga toʻgʻri keladi va bu – Markaziy Osiyodagi eng past koʻrsatkichdir. Aholisi Oʻzbekistonnikidan besh baravar kam va tabiiy resurslari yoʻq Gruziyada esa bu koʻrsatkich 4500 dollarga teng. Neft zaxiralariga boy Qozogʻistonda esa YAIM kishi boshiga 9000 dollarni tashkil qiladi.

Oʻzbekiston Qirgʻiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, va Afgʻoniston bilan chegarada joylashgani bilan butun Markaziy Osiyoga tramplin vazifasini ham oʻtaydi. Mamlakatning strategik joylashuvi uni Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusida muhim bogʻlovchi boʻgʻinga aylantirgan.

Ayni paytda Oʻzbekiston hukumati mamlakatni oʻta tezlik bilan sanoatlashtirmoqda. Bu jarayonda Janubiy Koreya va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari Oʻzbekistonda anʼanaviy avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishga jalb etilmoqda. Dekabr oyida mamlakat janubidagi Qashqadaryoda sintetik ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun Xitoy, Koreya, Yaponiya va Rossiyadan 2,3 milliard dollarlik investitsiya jalb qilingan.

“Koʻpincha jiddiy eʼtibordan chetda qolib, yaxshi oʻrganilmagan boʻlsa-da, Oʻzbekiston aksiyalari sarmoyadorlarga yuqori investitsion muhit va jiddiy ichki bozorni taqdim eta oladi”, deydi “Asia Frontier Capital” Oʻzbekiston fondi axborot xizmati boshligʻi Skott Osheroff. Uning taʼkidlashicha, Toshkent fond birjasida koʻplab kompaniyalar 5 baravardan kamroq P/E darajasida savdo qilishmoqda va dividenddan 25 foizgacha daromad taklif qilishyapti.

Xorijiy investorlar Oʻzbekistonda qulay muhitni tanlab olishlari uchun biroz vaqt kerak boʻlmoqda xolos, deb qoʻshimcha qilgan Osheroff.

Manba: www.kun.uz


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?