Folklor san’atimiz xalqaro miqyosda namoyish etiladi

12:01 21 May 2018 Madaniyat
596 0

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazidan xabar qilinishicha, joriy yilning 30-31 may kunlari  Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi qadimiy va muqaddas chashma qadamjosi hududida an’anaviy “Nurli navolar” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimizning 2018 yil 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar va Xatirchi tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi ko‘rsatmalar ijrosi doirasida tashkil etilayotgan tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Ma’lumki, ushbu festival ilk bor 2016 yilda respublika miqyosida tashkil etilgan bo‘lib, u joriy yildan boshlab  xalqaro miqyosda o‘tkazilishi va jahonning bir qator davlatlaridan vakillar kelishi ko‘zda tutilgan. 

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Meyras”, Andijon viloyatining “Sayqal”, Buxoro viloyatining “Qarsi Orifon”, Jizzax viloyatining “Oypari”, Namangan viloyatidan “Uychi tongi”, Navoiy viloyatidan “Sardoba”, Samarqand viloyatining “Beshqarsak”, Sirdaryo viloyatining “Sayxun yigitlari”, Surxondaryo viloyatining “Boysun”, Toshkent viloyatining “Qurama”, Toshkent shahrining “Durdona”, Farg‘ona viloyatining “Gulyor”, Xorazm viloyatining “Navro‘z”, Qashqadaryo viloyatining “Rizvongul” singari eng namunali folklor-etnogafik jamoalarining 200 nafardan ziyod qatnashchilari o‘z hududiga xos liboslar va qadimiy kuy-qo‘shiqlar asosida tayyorlangan dasturlarini namoyish etadilar. 

Shuningdek, tadbirda qo‘shni davlatlarda faoliyat yurituvchi etnografik xalq dastalarining ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.


Mavjuda XOLMATOVA.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?