Foydalanilmay turgan maydonlar oʻz egasini topmoqda

10:19 22 Aprel 2020 Jamiyat
361 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon HUSANOV/Andijon. Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasi nechogʻli muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi bilamiz. Zero, ota-bobolarimiz mana shu zaminning oltinga teng tuprogʻi bilan tillashib, tillodan-da qimmat noz-neʼmatlar yetishtirganlar. Bugungi kunda ham bir qarich yerning qadrini bilgan soha xodimlari yetishtirgan mahsulotlar eksport maydonida oʻz xaridoriga ega.

Yurtimizda hukm surayotgan karantin davrida bu boradagi ishlarni bir soniya boʻlsin kechiktirmaslik mamlakatimiz iqtisodiyoti, xalqimiz turmush tarzining inqirozga yuz tutishidan himoya qiladi. Shu yilning 14-aprel kuni davlatimiz rahbarligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham bu boradagi fikrlar olgʻa surilib, qishloq xoʻjaligi tarmogʻini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr yuritildi. Jumladan, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, ipakchilik, bogʻdorchilik va polizchilik yoʻnalishlarida kechiktirib boʻlmaydigan masalalar muhokama etildi. Shundan soʻng Andijon viloyatida ham izchil harakatlar boshlandi. Har bir hududlarda yerdan unumli foydalanish masalasi oʻrganib chiqildi. Aytish joizki, bu borada barcha ishlar quvonarli, deb boʻlmaydi. Aksariyat dehqonlarimiz orasida yerga beeʼtiborlik bilan yondashayotganlari ham yoʻq emas. Ularga biriktirilgan maydonlarni mehnatga muhtoj yurtdoshlarimizga ajratib berish esa muammoning eng toʻgʻri yechimidir.
 

Jalaquduq tumanidagi Toshmatov nomli massivda olib borilgan oʻrganishlar natijasida 7,5 gektar maydondagi bogʻ va bogʻ oralari foydalanilmay turganligi aniqlandi. Zudlik bilan maydonlar Soʻfiqishloq, Oʻrgʻu, Doʻngqishloq, Namuna, Boycheki, Jalaquduq hamda Navoiy nomli mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashovchi bandligi taʼminlanmagan aholiga teng taqsimlab berildi.

“Foydali ijtimoiy mehnat bilan band boʻlmaganligim sababli bogʻ qator oralariga poliz mahsulotlarini ekib, daromad topishim tavsiya etildi. Bu yerda pomidor, bulgʻor qalampiri ekishga kirishdim”,-deydi Doʻngqishloq mahallasida istiqomat qiluvchi Orifjon Neʼmatov.

Karantin davrida aholining ortiqcha harakatlanishiga chek qoʻyish, ularning dehqonchilik ishlarini xavfsiz tashkil etishlari uchun tuman hokimligi tomonidan 2 million tup koʻchatlar yetkazib berildi.

Bu boradagi ishlar viloyatning barcha tumanlarida davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?