Fizika fanidan “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi - 2019” tanlovining respublika bosqichi Buxoro viloyatida oʻtkazilyapti

17:09 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
336 0

“Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi – 2019” respublika tanlovi fizika fani yoʻnalishi boʻyicha Buxoro viloyati, Buxoro shahridagi 12-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻtkazilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati XTB matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlovning birinchi kuni Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika taʼlim markazi mutasaddilari, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi masʼullari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar xalq taʼlimi sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida fikr-mulohaza bildirdi. Ayniqsa, oʻqituvchining jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirishga Prezidentimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor, gʻamxoʻrlik, ular uchun yaratilayotgan imkoniyat, shart-sharoit, ijodkor oʻqituvchilarni keng jamoatchilikka tanitish borasida tanlovlarning oʻrni toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

Soʻngra qurʼa tashlash yoʻli bilan dars oʻtadigan ishtirokchilar aniqlab olindi. 11-sentyabr kuni 7 nafar ishtirokchining darsi kuzatilib, toʻliq videoga olindi. Hakamlar tomonidan belgilangan mezon talablari asosida baholandi va ballar eʼlon qilindi. 12-sentyabrda esa qolgan 7 nafar ishtirokchining darslari kuzatildi.

Oʻtkazilgan darslarning barchasi zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalaridan foydalanilgan holda tashkil etildi. Ayniqsa, qiziqarli hayotiy misollar, fizik tajribalar orqali oʻtkazilgan darslar oʻquvchilarning fanga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga yordam berdi.

Tanlovning 3-turi onlayn test sharti viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?