Fitch Toshkentga reyting berdi va shaharning kuchsiz joylarini koʻrsatib oʻtdi

15:21 19 Iyun 2019 Jamiyat
336 0

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkent shahriga xorij va milliy valyutada “barqaror” prognozi bilan “BB-“ uzoq muddatli hamda xorij valyutasida “V” darajasidagi qisqa muddatli reytinglarni taqdim etdi. Bu haqda agentlik tarqatgan press-relizda maʼlum qilingan.

Shahar reytingi Oʻzbekiston reytingi bilan bir xil darajada turibdi. Bu Toshkent past qarz yuklamasiga ega ekanligini oʻzida ifodalaydi.

Ayni chogʻda agentlik shaharning hisobdorlik va shaffoflik tizimi xalqaro standartlardan ortda qolayotganini ham bildirgan.

Fitch Ratings shaharga berilgan bahoni shunday izohlagan: mamlakatda olib borilayotgan soliq islohotlari sharoitida daromadlarning beqarorligi kuzatilyapti. Shaharda yigʻilayotgan soliqlar tarkibi, qolaversa, hokimiyat organlari oʻrtasida ularni turli darajalarda taqsimlash doimiy oʻzgarib turibdi.

Soliq tushumlari shaharning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Zero, 2014-2018-yillarda ularning hissasi oʻrtacha 65 foizni tashkil etgan.

Xarajatlarni oldindan taxmin qilish ham pastdir. Chunki bu rivojlanib borayotgan vakolatlar xarakteri va xarajatlar tuzilmasi bilan chegaralangan.

Agentlikning baholashicha, shaharning daromadlar qisqargan holatda xarajatlarni toʻxtatib turish layoqati ham pastdir, sababi xarajatlarning asosiy qismi majburiy xususiyat kasb etadi.

Kelajakda reytingga taʼsir etishi mumkin boʻlgan omillar

Agar shahar byudjet boshqaruvi va operatsion balansdagi qarzning taʼminlanganligi yaxshilansa, reytinglar ham yaxshi tomonga oʻzgarishi mumkin. Buning aksi boʻlsa, reyting yomonlashadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?