“Financial Times”: “Buyuk Ipak yoʻlini his qilish uchun Registon maydonida bir lahza boʻlish kifoya”

18:18 26 Noyabr 2018 Jamiyat
619 0

Buyuk Britaniyaning nufuzli “Financial Times” gazetasida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan maqola chop etildi.

“Qadim zamonlarda Buyuk Ipak yoʻlidagi javohir-shaharlarni borib koʻrish uchun odamlar karvonlarda oylab yoʻl bosganlar. Endi tuya karvonlarini unuting. Samarqandning moviy gumbazlarini borib koʻrishga bir necha soat yetarli”, deb yozadi uning muallifi, taniqli trevl-jurnalist Jeremi Xed.

Jurnalistning fikricha, yaqin-yaqingacha oʻzbek zaminiga kelishda maʼlum qiyinchiliklar mavjud boʻlib, xususan, viza olish tartibi murakkab edi, ichki transport infratuzilmasida muammolar uchrardi. Ammo soʻnggi yillarda respublikada barcha sohada jadal oʻzgarishlar yuz bermoqdaki, turizm jabhasi ham yangi pogʻonada rivojlanayotir.

“Masalan, viza olish tartibi mutlaqo soddalashtirildi, elektron vizalar joriy qilinmoqda. Poytaxt Toshkentni Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar bilan bogʻlaydigan transport tizimi ham yaxshilandi. Bularning barchasi sayyohlarning vaqtini tejashga xizmat qiladi. Jumladan, men Londonning Xitrou aeroportini kechki soat 18.00 da tark etib, Toshkentga kelib, Buxoro va Samarqandga tezyurar poyezdda borib, sayohat qilib, seshanba kuni soat 17.00da Londonda ish joyimda edim. Fantastika!”, deya oʻz hayrati bilan oʻrtoqlashadi “Financial Times” muxbiri.

Toshkentdan Samarqandgacha boʻlgan 344 kilometr masofani tezyurar poyezd ikki soatda bosib oʻtganini hikoya qilar ekan, Jeremi Xed yoʻl charchogʻini umuman his qilmaganini, aksincha shinam va sokin poyezdda har tomonlama orom olganini taʼkidlaydi.

Maqolada yurtimizning tarixiy shaharlari, shu jumladan, Samarqand va Buxoroning meʼmoriy obidalari, ularning mahobati va goʻzalligi katta zavq ila tavsiflanadi. Xususan, Buyuk Ipak yoʻlining tarixini bilish va his qilish uchun Registon maydonida bir lahza boʻlish kifoya, deydi jurnalist.

“Bir necha yil oldin Buxoroda elikka yaqin mehmonxona faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ularning soni bir yuz ellikdan oshdi va tobora koʻpayib bormoqda. Bu tabiiy jarayon. Zero, Oʻzbekiston olib borayotgan ochiqlik siyosati tufayli mamlakatga sayyohlar oqimi koʻpayib, mehmonxonalarga ehtiyoj esa ortib bormoqda”, deyiladi maqolada.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?