FIFA “Bunyodkor”ni jazoladi. PFL vaziyatga izoh berdi

17:23 16 Noyabr 2018 Sport
1134 0

Superliga ishtirokchisi boʻlgan “Bunyodkor” futbol klubi rasman 6 ochkodan mahrum qilindi, deb xabar beradi PFL sayti.

PFL bu boradagi talabi bajarilgani yuzasidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga bildirishnoma taqdim etadi. Oʻz navbatida OʻFA bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasini (FIFA) xabardor qiladi.

“Bunyodkor” ukrainalik futbolchi Sergey Simonenko oldidagi qarzdorlik masalasini shu vaqtgacha ochiq qoldirdi. Professional futbol ligasi oʻz musobaqasida ishtirok etuvchi “Bunyodkor” klubini oxirigacha himoya qilishga qaror qildi. Aslida FIFA talabi shu yilning sentyabr oyidayoq bajarilishi shart boʻlsa-da, PFL vaziyatni toʻgʻrilash uchun “Bunyodkor”ga ikki oyga yaqin vaqt berdi. Biroq Toshkent jamoasi muammoni hal qilolmadi.

Sergey Simonenko 2015 yilgi mavsumning birinchi davrasida “Bunyodkor” sharafini himoya qilgan. Ammo u Oʻzbekistonni tark etgan vaqtda klub futbolchi bilan toʻliq-hisob qilmagan. Keyinroq ukrainalik futbolchi FIFAga shikoyat arizasi yozgach, “Bunyodkor” ikki marta — 2016 va 2017 yillarda Sergey Simonenko uchun Oʻzbekiston banki orqali ochilgan plastik kartaga maʼlum miqdorda pul tushirgan. Biroq bu pullar futbolchiga qadar yetib bormagan.

“Bunyodkor” iddaosiga koʻra, oʻsha plastik karta ichida Simonenkoning pullari turibdi. Istasa, futbolchi Toshkentga kelib, uni olib ketishi mumkin. Yoʻqsa, oʻzining ishonchli vakilini yuridik kuchga ega boʻlgan ishonchnoma bilan poytaxtga joʻnatishi kerak. Jamoaning oʻzi futbolchi uchun ochilgan plastik karta ishiga aralasha olmaydi. “Bunyodkor” va Simonenko bu borada bir yechimga kela olmadi. Masalaning hal boʻlishi FIFA uchun ham, PFL uchun ham muhim. Biroq fakt shuki, FIFA tomonidan aybdor deb topilgan “Bunyodkor” vaziyatni yumshata olmadi.

Qolgan davr davomida PFL “Bunyodkor”ni himoya qila olmaydi. Birinchidan, chempionat yakuniga 2ta tur qoldi. Ikkinchidan, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi FIFA oldidagi majburiyatlarini bajarishi shart.

Maʼlumot uchun, PFL komissiyasi ayni vaqtda futbol klublarini 2019 yilgi mavsum uchun litsenziyalash tizimi aks etgan reglament ishini deyarli yakunladi. Unga koʻra, 2019 yilgi mavsumda legioner futbolchilar xizmatidan foydalanadigan futbol klublari mana shu futbolchilar bilan hisob-kitobni Oʻzbekiston soʻmida emas, oʻzaro kelishilgan xorijiy valyutada amalga oshiradi.

Shuningdek, legioner futbolchilar uchun qoʻyilgan talablar ham ancha yuqori boʻlib, bunga qadar legionerlar bilan ishlash masalasida qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan futbol klublariga nisbatan sanksiyalar qoʻllaniladi va ular legioner futbolchi xizmatidan foydalana olmaydi. Qoʻshimchasiga, stadioni, bazasi, futbol akademiyasi talab darajasida boʻlmagan futbolchilar ham legionerlar bilan shartnoma imzolash huquqidan mahrum qilinadi, deyiladi PFL bayonotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?