Fidoiy shifokorlar faoliyatga munosib baho

17:21 31 Avgust 2018 Jamiyat
693 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma yetti yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʼat, maʼnaviyat va maʼrifat hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi arafasida mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga katta hissa qoʻshgan, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda fidoyilik koʻrsatgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari — faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Ular orasida tibbiyot sohasining fidoyi vakillari ham bor.

Sogʻliqni saqlash vazirligida ulardan bir guruhiga ushbu yuksak mukofotlarni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ishtirok etib, yigʻilganlarni eng ulugʻ, eng aziz ayyom — Mustaqilligimizning 27 yilligi bayrami bilan tabriklab, orden va medallarga sazovor boʻlganliklari munosabati bilan samimiy qutladi.

Marosimda qayd etilganidek, soʻnggi ikki yil davomida sogʻliqni saqlash sohasida ulkan yangilanishlar roʻy berdi. Birinchi navbatda, Prezidentimiz farmon va qarorlari asosida sogʻliqni saqlash sohasi faoliyati huquqiy jihatdan takomillashtirildi. Xalqimizni rozi qilish maqsadida birlamchi tibbiyot tizimi faoliyatini tubdan yaxshilash, dori-darmon taʼminoti, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmatlarni yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq koʻplab muhim vazifalar amalga oshirilmoqda. Xorijdagi nufuzli klinikalarda ishlayotgan koʻplab oʻzbekistonlik malakali shifokor yurtimizga qaytdi va qulay sharoitlar bilan taʼminlandi. Shuningdek, xorijdagi yirik tibbiyot maskanlarining shifokorlari Oʻzbekistonga kelib, murakkab operatsiyalarni amalga oshirmoqda.

Yana bir muhim jihat, tibbiy xizmat koʻrsatishdan tortib, soha vakillari huquqini himoyalash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishni yanada kuchaytirishga qaratilgan konsepsiya ustida ish olib borilmoqda. Bu ham boʻlsa tibbiyot sohasidagi xayrli ishlarni yanada kuchaytirish imkonini berishi shubhasiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?