Festivallar shahrining birinchi festivali

20:57 23 Mart 2019 Jamiyat
424 0

21-22-mart kunlari Shahrisabz shahrida II Xalqaro milliy liboslar festivali boʻlib oʻtdi.

Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi tomonidan Navroʻz umumxalq bayrami doirasida uyushtirilgan mazkur festival MDH davlatlari dizaynerlari va modelerlarini Shahrisabzda jamladi. Unda Oʻzbekistonning “Raʼno collection”, “Sindor collection”, “Mohigul”, “Bukhara brilliant silk”, “Banoras”, “Guzal collection”, “Istorakhan”, “Nataly Kondra”, “Nodirabegim”, “Iroda Agzam Xoja”, “Dilorom collection”, “Azima”, “Kafa” brendlari ostida ish olib borayotgan dizaynerlar bilan bir qatorda, Rossiyaning “Asian spirit”, Ozarbayjonning “Gulnara Khalilova”, Turkmanistonning “Ayna izbasar”, Qirgʻizistonning “Kate Zabolotnova”, Qozogʻistonning “Aynura Maidanova”, Gruziyaning “Ketisashvili Mari” brendlari oʻzlarining milliy liboslar kolleksiyalari bilan ishtirok etishdi.

 

 

Festival doirasida Shahrisabz shahri tarixiy markazida oʻzbek milliy liboslari, urf-odatlari, taomlari koʻrgazmalari, sumalak sayillari, dorbozlar va polvonlar musobaqalari, folklor dastalarning chiqishlari, milliy taomlar tayyorlash mahorat darslari, xorijiy dizaynerlar tomonidan yosh dizaynerlar uchun mahorat darslari boʻlib oʻtdi.

Xalqaro festivalda dizaynerlar ishlarini baholashda Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va oʻzbekistonlik ekspertlar qatnashdi. Unda qirgʻizistonlik dizaynerlar Katya Zabolotnova hamda Aliya Edilova, Oʻzbekistondan Iroda Agzamxuja, turkmanistonlik Ayna Izbasar “Oltin igna sohibi” boʻlishdi. Shuningdek, qirgʻizistonlik Shaxzada Baltabayeva “Bibihanum Award”, Oʻzbekiston vakilalari Kumushxon Madumarova “Miss Shahrisabz”, Diyora Kamolova “Top Model”, Sitora Islomova “Fest Girl” nominatsiyalari boʻyicha sovrindorlar safidan joy olishdi.

Festival doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Shanxay hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi” nodavlat tashkiloti oʻrtasida “Taʼlim va turizm almashinuvi “Xalq diplomatiyasini” rivojlantirish uchun Oʻzbekistonda va SHHT mamlakatlarida madaniy va ijodiy tadbirlarni muntazab oʻtkazib borish toʻgʻrisida” memorandum imzolandi.

Ahad Muhammadiyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?