Festivallar shahriga aylanayotgan Shahrisabzga “Info-Tour” boshlandi

09:38 08 Fevral 2019 Jamiyat
555 0

Foto: Xalq soʻzi

Said Rahmonov / “Xalq soʻzi online”. Poytaxtimizdagi Markaziy temir yoʻl vokzalidan Toshkent - Shahrisabz yoʻlida harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi yoʻlga chiqdi. Uning odatdagi reyslardan farqi shundaki, poyezd 20 dan ziyod markaziy ommaviy axborot vositalari hamda 20 ga yaqin turfirmalarning vakillarini bagʻriga olganidir.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirdan koʻzlangan maqsad Shahrisabz shahrining sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish, targʻib qilishdir.

- Prezidentimiz 2018 yil 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Shahrisabzni festivallar shahriga aylantirish, hududning sayyohlik salohiyatini oshirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi, - deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Faxriddin Zoirov. - Shundan kelib chiqib, ayni paytda Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda yil davomida oʻtkaziladigan tadbir va festivallar rejasi ishlab chiqilib, ularning izchil ijrosi taʼminlanyapti. Bugungi safar davomida uning doirasida bajarilgan dastlabki ishlar bilan yaqindan tanishtiramiz.

Suhbatdoshimizning aytishicha, hududda turistik xizmatlar koʻrsatish sifati tubdan yaxshilash, koʻlamini kengaytirish maqsadida, eng avvalo, mavjud mehmonxonalarni modernizatsiya qilish barobarida, yangilari bunyod etilyapti. Yangi turistik marshrutlar ishlab chiqilyapti. Binobarin, yashil shahar deya taʼriflanadigan qadim Keshda ekoturizm, ekstremal turizm, etnoturizm, ziyorat turizmini rivojlantirish uchun tabiiy imkoniyatlar mavjud. Oʻtgan yili ushbu hududni poytaxt bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydigan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi yoʻlga qoʻyilishi zamirida ham ana shu sharoitlardan oqilona foydalanish, sayyohlar oqimini koʻpaytirishdek ezgu maqsad mujassam.

- Info-tur tashkil etilgani biz, jurnalistlar uchun ayni muddao boʻldi, - deydi OʻzA veb-sayti yetakchi muharriri Sayyora Shoyeva. - Chunki oʻzimiz turizm mavzusini yozsakda, hali joylarda ayni sohada bajarilgan ishlar, oʻzgarish va yangiliklar haqida yetarlicha maʼlumotga ega emasmiz. Masalan, men Shahrisabzga birinchi bor safar qilishim. Uning davomida qiziqarli maʼlumotlar toʻplab, oʻquvchilarga yetkazishni niyat qilganman.

Saytimizni kuzatib boring. Safar tafsilotlari bilan tanishtirib boramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?