“Festivallar shahri” Shahrisabz turistik maydon mezboniga aylanadi

10:12 09 Fevral 2019 Jamiyat
731 0

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”.

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi ONLINE” xabar qiladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatiga uyushtirilgan “Info-Tour” dasturidagi asosiy tadbir Shahrisabzning tarixiy markazidagi “Koba” majmuasida boʻlib oʻtdi.

Bu bejiz emas, albatta. Zero, Buyuk Ipak yoʻlidagi mazkur tarixiy obyekt qadimda karvonsaroy boʻlib, musofirlar dam olib, hordiq chiqaradigan maskan boʻlgan.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”.

Bu yerga yigʻilganlar xayolan oʻtmishga sayr qilib, Qashqadaryo viloyatining turistik salohiyati va yangi sayyohlik yoʻnalishlari, shuningdek, “Festivallar shahri”ning festival hamda koʻngilochar tadbirlari taqvimi taqdimotlari bilan tanishdilar.

— Oʻtgan yili Shahrisabz shahri mezbonlik qilgan birinchi xalqaro Maqom anjumani yirik festivallar oʻtkazish, sayyohlarga manzur xizmatlarni tashkil etishda oʻziga xos tajriba maydoni vazifasini oʻtadi, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Otabek Olimjonov. — Maqsadimiz yil davomida ana shunday nufuzli tadbirlarni oʻtkazish orqali sayyohlarni koʻproq jalb qilishdan iborat. Buning uchun oʻndan ortiq yirik festivallar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Masalan, Navroʻz umumxalq bayrami kunlarida Xalqaro milliy liboslar festivali, koʻpkari, milliy kurash oʻyinlari uyushtiriladi. Shuningdek, “Shahrisabz hunarmandlar maskani”, “Shahrisabz muzic dance” musiqa festivali, “Hisor togʻlari” ekofestivali tashkil etiladi.

 

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”.

Taʼkidlash kerakki, hudud qishloq xoʻjaligi, xususan, bogʻdorchiligi bilan ham mashhur. Bu esa agroturizmni rivojlantirish uchun ayni muddao. Shu bois joriy yilda “Anor” festivali uyushtirilishi koʻzda tutilgan. Mazkur tadbir ishtirokchilari shahar tutash boʻlgan Kitobning dunyoga mashhur Varganza anorlarini yetishtirish, saqlash va yetkazib berish jarayoniga yaqindan guvoh boʻlishlari mumkin.

Darvoqe, endilikda Shahrisabzda har yili 1 — 8 fevral kunlari turistik maydonga mezbonlik qiladi. Unda soha mutaxassislari, turoperatorlar, chet ellik ekspertlar qatnashib, Oʻzbekiston turistik salohiyatini oshirish, targʻib etishning dolzarb masalalarini muhokama qilishadi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”.

Tadbir davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?