Onlayn tarzda kredit olish imkoniyati yaratildi

14:44 28 Iyun 2018 Iqtisodiyot
1357 0

Endilikda mamlakatimiz fermerlari onlayn tarzda masofadan turib imtiyozli kreditlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga bo‘ldilar. “Agrobank” ATB tomonidan yaratilgan “Agrobankmobile-biznes” dasturi shunday qulayliklarga ega bo‘lib, bu mijozlarning vaqtini tejash, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirishda qo‘l kelyapti. Shu bois ayni paytda paxta va boshoqli don yetishtirishga ixtisoslashtirilgan 28 mingdan ziyod fermer xo‘jaliklari ushbu mobil ilova yordamida hisob raqamlaridagi mablag‘larini masofadan boshqarishmoqda.

Keyingi paytda bank tomonidan aholining ishbilarmonlik qobiliyatini yuzaga chiqarish, tadbirkorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida innovatsion bank xizmatlari joriy qilinmoqda. Natijada shu yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlariga 674 milliard so‘mlik, shu jumladan, aholining istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, ularni tadbirkorlikka kengroq jalb qilish uchun 193 milliard so‘mlik mikrokreditlar ajratildi.

Bank mutasaddilarining aytishicha, aholining biznesga qiziqishini oshirishda davlatimizning rahbarining shu yil 7 iyundagi qaroriga asosan, hayot tatbiq qilinayotgan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, 50 ta tayyor namunaviy loyiha asosida bank kreditlari taqdim etilyapti.

— Hozirgi kunda faqat paxtachilik va g‘allachilik bilan cheklanib qolmasdan, qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari, ayniqsa, e’tibordan chetda qolgan yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapmiz, — dedi “Agrobank” ATB boshqaruvi raisi Saidkamol Xodjayev “Xalq so‘zi” muxbiri Said Rahmonov bilan suhbatda. — Masalan, moliyaviy ko‘magimiz bilan farg‘onalik fermer tuyachilikni yo‘lga qo‘yib, xo‘jalik yonida kichik mehmonxona bunyod etmoqda. Xuddi shuningdek, hududlar tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, pistachilik, bodomchilikni yo‘lga qo‘yish, yog‘ochbop daraxt — pavloniyani ko‘paytirish loyihalari moliyalashtirilyapti. Umuman olganda, o‘rmonchilikni rivojlantirish uchun 100 milliard so‘mlik kredit liniyasi yo‘naltirilgan.

Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining bandligini ta’minlash, ularning qo‘shimcha daromad manbai shakllantirish, shuningdek, bozorlarimizning import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan to‘ldirishga ko‘maklashishdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?