Fermer ayollar qishloq xo’jaligiga ilg’or ishlanmalarni tatbiq etadi

08:05 03 Mart 2018 Iqtisodiyot
551 0

Poytaxtimizda “Tadbirkor ayol” O’zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Qishloq xo’jaligi vazirligi tomonidan Fridrix Ebert nomidagi jamg’arma, Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti hamkorligida ayollar fermerligiga innovatsiyalarni joriy etish hamda raqobatdoshlikni rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan konferentsiya o’tkazildi.
Unda tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy doiralar hamda agrobiznes vakillari, yurtimizning turli hududlaridan yuzdan ziyod fermer ayollar qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O’zbekistonda xotin-qizlarning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirish, ishbilarmonlik salohiyatini kuchaytirishga yo’naltirilgan amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Ayniqsa, fermer ayollarning tadbirkorlik harakatini qo’llab-quvvatlash va uni yanada rivojlantirish masalalariga qaratilayotgan alohida e’tibor opa-singillarimiz iqtidorini izchil ro’yobga chiqarishga xizmat qilayapti. Hozirgi vaqtga kelib iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, boshqaruv hamda ishlab chiqarish sohalarida band xotin-qizlar ulushi 62 foizdan oshgani, respublikamizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 120 mingdan ziyodini, jumladan, 4 yarim mingdan ortiq fermer xo’jaliklarini xotin-qizlar boshqarayotgani buning yorqin ifodasidir.
— Ayni paytda minglab ayollar o’z bizneslarini yo’lga qo’yib, yurtimiz iqtisodiyotiga munosib ulush qo’shmoqda, — deydi “Tadbirkor ayol” O’zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova. — O’z navbatida, ayollar boshqarayotgan kichik korxonalarni rivojlantirish, xotin-qizlarni qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga jalb etish, qishloq joylarda kasanachilik va yangi ish o’rinlarini yaratishga doir loyihalar davlatimiz tomonidan har tomonlama qo’llab-quvvatlanayotgani diqqatga sazovor. Shu ma’noda, anjumanda qishloq xo’jaligiga ilm-fanning so’nggi yutuqlari hamda yuqori texnologiyalarni olib kirish va tatbiq qilish uchun qulay sharoitlarni yaratish, qishloq joylardagi tadbirkor ayollarning ishlab chiqarish samaradorligi hamda daromadlarini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.
Konferentsiya ishi ayollar fermerligini rivojlantirish uchun innovatsion xizmatlarni joriy etish, fermer ayollar mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqish kabi yo’nalishlarda sessiyalarga bo’lingan holda davom ettirildi. Ularda qatnashchilar bir qator dolzarb mavzularda qiziqarli ma’lumotlarga ega bo’lishdi. Xalqaro ekspert ishtirokidagi interaktiv sessiyada qishloq xo’jaligi sohasidagi ilg’or tajribalar haqida qizg’in fikr almashildi.
Z. ISMOILOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?