Federatsiya va TDYUU oʻrtasida memorandum imzolandi

15:00 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
751 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Bu haqda Federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining viloyat hududiy birlashma rahbarlari hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilari ishtirok etishdi.

Ushbu memorandumning imzolanishidan asosiy maqsad: taʼlim, ilm-fan, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda bilim va tajriba almashish, oʻquv jarayonini tashkil etish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik sohasini huquqiy jihatdan takomillashtirish boʻyicha ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, qisqa va uzoq muddatli oʻquv dasturlarini amalga oshirishda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning samaradorligini oshirishdan iborat.

— Memorandum imzolanishi aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni shakllantirishda yana bir debocha boʻlib xizmat qiladi, - deydi universitet rektori Rahim Hakimov. — Bu borada Federatsiya va Universitetning oʻzaro hamkorligi doirasida qisqa oʻquv kurslarini tashkil etish, ilmiy risolalar chop etishni yoʻlga qoʻyishimiz zarur. Bundan tashqari, Isteʼmolchi huquqlarini himoya qilish sohasidagi kadrlarga boʻlgan ehtiyoj, ushbu sohada magistraturaning yangi bir yoʻnalishi ochilishi zarurligini taqozo etmoqda.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov muloqot chogʻida kadrlar tayyorlash salohiyati, tizim jarayonidagi yangilanishlar va rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli dasturlar haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida. Federatsiyaning “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi asosida hududlarda qurilayotgan kutubxonalarning kitob fondini boyitish, isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini mustahkamlash maqsadida ushbu kutubxonalarni tegishli yuridik adabiyotlar bilan taʼminlash uchun TDYUU (Toshkent davlat yuridik universiteti) tomonidan 16 nomdagi Oʻquv uslubiy qoʻllanmalar tayyorlandi

Tadbirda OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga tegishli mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?