Federatsiya raisi BAA elchisi bilan uchrashdi

17:40 23 Aprel 2019 Jamiyat
179 0

Bugun, 23 aprelda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Hareb Al-Mehairbiy janoblari bilan uchrashdi.

J.Sarimsoqov elchi janoblariga Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyati, bugungi kunda uning xalqaro hamkorlik jugʻrofiyasi tobora kengayib borayotgani, jumladan, 2018 yildan boshlab Xalqaro isteʼmolchilar tashkiloti (Consumers International – Si-Ay)ning toʻlaqonli aʼzo hisoblanishi shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, va Tojikistondagi turdosh tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik barobarida bir-birining fuqarolari huquqlarini himoya qilish yoʻlga qoʻyilayotgani xususida soʻzlab berdi.

‒ Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda BAAga qilgan davlat safari siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda ikki tomonlama oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga keng yoʻl ochdi. Biz ham ikki mamlakatning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi turdosh tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni istaymiz, ‒ dedi u.

M.A. Al-Mehairbiy eng avvalo BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum hazrati oliylarini “Yil odami” mukofoti bilan taqdirlagani uchun federatsiya rahbariyatiga, uning qoshidagi jamoatchilik Kengashiga minnatdorlik bildirdi.

Elchi janoblari Birlashgan Arab Amirliklaridagi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning Federatsiya bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyishi uchun elchixona istalgan yordamni berishga tayyor ekanini hamda oʻzaro tajriba almashuv har ikkala tomon uchun ham foydali boʻlishini va buning uchun elchixona xodimi Rashid Ali al-Mazrui masʼul etib tayinlanishini taʼkidladi.

Shuningdek, elchi janoblari Federatsiya tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoitini yaxshilashga koʻmaklashish, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan “Obod xonadon – yurt koʻrki” va Orol dengizining qurigan 5 ming gektarida yashil oʻrmonlar barpo etish, u yerdagi ekologik barqarorlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza etish maqsadida tashkil etilgan “Orolboʻyini obod etaylik” loyihalari doirasida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, kelgusida shunday ezgu tashabbuslarni amalga oshirilishida hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?