Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

23:45 11 May 2018 Hujjatlar
364 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, oliy texnik ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, 

2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, Toshkent viloyati hokimligi va Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahrida (Toshkent viloyati) Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun muhim ilmiy-texnologik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;

metallurgiya, konchilik ishi va sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;

mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;

muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish-sanoat faoliyati bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;

ta’lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Filial Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (keyingi o‘rinlarda — “MISiS” MTTU) alohida tarkibiy bo‘linmasi hamda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, ta’limning kelishilgan asosiy yo‘nalish(mutaxassislik)lari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Filialda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda “MISiS” MTTU tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha amalga oshiriladi;
abituriyentlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarining attestatsiyasi “MISiS” MTTU tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan “MISiS” MTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

4. Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filialida mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlashning asosiy yo‘nalish(mutaxassislik)lari 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

5. Filialga tekin foydalanish uchun:
Navoiy davlat konchilik institutining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasi, 56-uy manzilida joylashgan binosi;
2017/2018 o‘quv yili yakuni bo‘yicha faoliyati tugatilayotgan Olmaliq sanoat kasb-hunar kollejining Toshkent viloyati, Olmaliq shahri, Amir Temur ko‘chasida joylashgan binosi berilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
“MISiS” MTTU va “Olmaliq TMK” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda o‘rnatilgan tartibda Filial ta’sis hujjatlarining ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

bir oy muddatda “MISiS” MTTU bilan Filialning tashkiliy tuzilmasini kelishsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli hukumat qarori loyihasini kiritsin;

2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda Filialni tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan ta’minlasin.

7. Filialga 2018/2019 o‘quv yili uchun ta’limning kunduzgi shakli bo‘yicha qabul kvotasi jami 150 kishi, jumladan, bakalavriatning “Konchilik ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 75 kishi, “Metallurgiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 50 kishi, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 25 kishi etib belgilansin.

8. “MISiS” MTTU:
o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga;
mutaxassislarning malakasini oshirishga va Filialning professor-o‘qituvchilari tarkibini qayta tayyorlashga;

Filialning kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va to‘ldirishga ko‘maklashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi “Olmaliq TMK” AJ, “Navoiy KMK” DK, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zikkilamchiranglimetall” AJ, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda har yili yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilsin va uning natijasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga keyingi o‘quv yillarida Filialga ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha qabul qilinadigan talabalar soni yuzasidan takliflar kiritib borsin.

10. Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali Vasiylik kengashining (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) shaxsiy tarkibi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Filial faoliyatini moliyalashtirish:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga talabalarni, lekin Filialga ta’lim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo‘lmagan holda, davlat granti asosida o‘qitishga ajratiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallaridan Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

b) Filialni tashkil qilish, uning moddiy-texnika va o‘quv bazasini shakllantirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni, jumladan, ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borishni, bino va inshootlarni zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv hamda laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan ta’minlashni, shuningdek, “MISiS” MTTU mutaxassislarini jalb qilish bilan bog‘liq xizmat safari xarajatlarini, Filial mahalliy o‘qituvchilarining stajirovkasi va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish “Olmaliq TMK” AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

v) “MISiS” MTTUdan Filialga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlarini to‘lash:
30 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safari bo‘yicha — Rossiya Federatsiyasining qonun hujjatlari bilan oliy o‘quv yurtlari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;
uzoq muddatli xizmat safari bo‘yicha — o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

12. Filialga o‘qituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lashga ruxsat berilsin.

13. Belgilab qo‘yilsinki, Filialni saqlash uchun byudjet mablag‘lari 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijtimoiy soha bo‘yicha tasdiqlangan xarajatlar parametrlari doirasida ajratiladi, 2019 yildan boshlab esa mazkur sohaning yillik xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Filialga ikkita avtotransport vositasini, jumladan, bitta xizmat va bitta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3153-sonli qarori bilan tuzilgan, Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filialini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita:
2018 yil 1 iyulga qadar muddatda Filialning bino va inshootlari rekonstruksiya qilinishini, shuningdek, Filial talaba va o‘qituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlanishini;
2018 yil 31 avgustga qadar muddatda Filial joylashtirilishini va uning zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlarga hamda ularning oila a’zolariga davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, 
ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Filial buyurtmalariga binoan Filialni tashkil qilishda va uning faoliyatida ishtirok etadigan malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.

19. 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda Filialni jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyot, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda:
Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji xodimlarini ishga joylashtirish;
Olmaliq sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchilar kontingentini yaqin bo‘lgan tegishli kasb-hunar kollejlariga yo‘nalish(kasb)lar bo‘yicha joylashtirish orqali ularning kelgusida ta’lim olishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Q. V. Akmalov, A. S. Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I. U. Madjidov hamda “Olmaliq TMK” AJ boshqaruvi raisi A. Q. Farmonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti             SH. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 11 may
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?