Fazliddin Gʻoibnazarov Shohjahon Ergashevga magʻlub boʻlgan bokschi bilan jang qiladi

12:04 15 Aprel 2019 Sport
455 0

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Fazliddin Gʻoibnazarov (7-0, 4 KO) oʻzining navbatdagi jangini may oyida oʻtkazishi haqida xabar bergandik.

Maʼlumotlarga koʻra, Gʻoibnazarov joriy yilning 11 may sanasida AQSHning Arizona shtatida joylashgan Convention Center saroyida boʻlib oʻtadigan boks oqshomida jang qiladi. Unga amerikalik Maykal Foks (19-1, 5 KO) raqiblik qiladi. Maʼlumot uchun, Foks soʻnggi marta fevral oyida oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi Shohjahon Ergashevga qarshi ringga chiqib, oʻzining ilk magʻlubiyatini tan olishga majbur boʻlgandi.

“Biz boʻlajak bahsga jiddiy hozirlik koʻrmoqdamiz. Hali vaqt bor, umid qilamanki, navbatdagi gʻalabam bilan barcha boks muxlislarini xushnud etaman”, – degan Gʻoibnazarov MOQ rasmiy saytiga.

Eslatib oʻtamiz, Gʻoibnazarov soʻnggi marta 18 yanvar kuni 8 raundlik jangda Dominikan Respublikasi vakili Rikardo Garsiyani (14-5-1, 9 KO) muddatidan oldin (raqib 4 raunddan soʻng, jangni davom ettirishdan bosh tortgan) magʻlubiyatga uchratgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?