Fattoh Shodiyevning xalqaro fondi “Xovos siti”da 50 ta uy qurilishini homiylik asosida moliyalashtirmoqda

12:06 28 May 2019 Jamiyat
597 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan “Xovos siti”dagi 50 ta ikki va uch xonali, ikki sotixli hovliga ega uylar qurilishi “Shodiyev Xalqaro fondining Oʻzbekistondagi Vakolatxonasi” tomonidan homiylik asosida moliyalashtirilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, asli kelib chiqishi Oʻzbekistonlik boʻlgan milliarder Fattoh Shodiyev tomonidan tashkil etilgan mazkur vakolatxona delegatsiyasi shu yil 9-aprel kuni Guliston shahriga tashrif buyurgan edi.

Delegatsiya aʼzolarining Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev bilan boʻlgan uchrashuvida vakolatxona tomonidan viloyat aholisi turmush tarzini yanada yaxshilash, vohada keng koʻlamda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari, “Obod qishloq” dasturi ijrosiga hissa qoʻshish maqsadida 40 milliard soʻm mablagʻ ajratishga qaror qilinganligi bildirilgandi. Shuningdek, ushbu mablagʻning bir qismi “Xovos siti” qurilishiga yoʻnaltirilishi ham maʼlum qilingan edi.

Maʼlumot uchun, belgilangan loyihaga koʻra “Xovos siti”da yana 100 ta ana shunday turar-joy qurilishi moʻljallangan. Shuningdek, jami 30 ta koʻpqavatli binolar bunyod etish ishlari ham jadal davom etmoqda. Mazkur uylar bitgach 1000 ga yaqin oila zamonaviy xonadon sohiblari boʻlishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?