Fast fudlar bepushtlikka olib kelishi mumkin

18:12 22 Iyul 2019 Lifestyle
580 0

Illyustrativ foto

Sevib yeydigan taomingiz nima, degan savolga koʻplab odamlar lavash va burgerlar degan javobni aytadi. Aslida fast fudni suymaydigan odam boʻlmasa kerak, toʻgʻrimi? Ammo u qorin toʻydirgani bilan organizmni kerakli moddalar bilan ham toʻyintira oladimi?

Biz goho vaqt ziqligini sabab qilib fast fud isteʼmol qilishni maʼqul koʻramiz. Fast food (ing.) — oʻz nomi bilan tez pishar taom. Qolaversa, qulay hamda mazali. Shu bilan birga, yogʻ va tuzga boy, hazm boʻlishi qiyin boʻlgan taom sanaladi. Ammo uni uzluksiz tanovul qilishning asl oqibatlaridan hammamiz ham boxabar emasmiz. Keling, mutaxassislar fikriga nazar tashlaymiz.

— Fast fud keltirib chiqaradigan kasalliklarni umumiy tibbiyot tili bilan noinfeksion, yaʼni yuqumli boʻlmagan kasalliklar, deb ataymiz. — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno ODILOVA. — Ammo ular (yuqumli boʻlmagan kasalliklar) bugungi kunda Oʻzbekiston boʻyicha odamlar orasidagi oʻlimning 78% ini tashkil etadi.Kasalliklarni keltirib chiqishiga sabab boʻluvchi omillarning asosiy qismi insonning turmush tarziga bogʻliq. Tibbiyotning rivojlanganligi, inson genetikasi, yaʼni ajdodlarning salomatlik holati, irsiy kasalliklar bor-yoʻqligiga, atrof-muhit, ekologiyaning taʼsiri kabi faktorlar inson salomatligining 10-12 foizigagina taʼsir etadi, 55-60 % ini uning turmush tarzi tashkil qiladi. Oʻzbekiston boʻyicha yana bir fakt borki, aholining 67% i meva va sabzavotlarni kerakli darajada isteʼmol qilmasligi qayd etilgan. Bu degani 67 % odam toʻgʻri ovqatlanmaydi(!).

Har beshta odamning birida semizlik mavjud

Oʻzbekiston SSV ning maʼlumotlariga qaraganda, aholining yarmi ortiqcha vaznga ega. Aniqroq qilib aytganda har beshta odamning birida semizlik aniqlangan. 46% aholi qonida xolesterin hamisha yuqori boʻlishi kuzatilgan, albatta, bu hali ularning kasallikka uchraganligini tasdiqlamaydi, ammo aynan biz yuqorida taʼkidlagan kasalliklarga chalinish xavfi borligidan dalolat beradi. Aholining uchdan bir qismida arterial bosim yuqori darajada yuradi. 40 yoshdan 64 yoshgacha boʻlgan insonlarning beshdan bir qismida yurak qon tomir kasalligiga chalinish xavfi koʻp kuzatiladi. Bugungi kundagi turmush tarzi shu holicha davom etsa aholi orasida yaqin besh yil ichida ushbu kasalliklarga chalinish koʻrsatkichi ortishidan dalolat beradi.

— Fast fud diyetologlar tomonidan hech qachon tavsiya etilmaydi. — deydi Endokrinologiya ilmiy tekshirish instituti vrach diyetologi Dilmar SAVCHUK. — Birinchidan, uning tarkibidagi oqsillar tabiiy oqsil hisoblanmaydi. Qolaversa, u boʻgʻim kasalliklari, qandli diabet kasalligi, ortiqcha vaznga, qon bosim oshishiga, eslash qobiliyati pasayishi kabi koʻplab ogʻir xastaliklarga olib keladi.

Fast fud xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi

Maʼlumki, fast fud tarkibida dudlangan goʻsht, pishloq bor, tuzlangan bodring, karam va hokazo... Bularning barchasi juda katta tuz miqdorini tashkil etadi. JSST maʼlumotiga koʻra, bitta odam bir kunda 5 m/grammdan kam ham, ortiq ham boʻlmagan tuz isteʼmol qilishi lozim. Bizning odamlar esa bunga koʻp hollarda qoniqmaydi, bir kunlik meʼyor 14.9 grammdan ham oshib ketadi, yaʼni uch barobar koʻp. Buning katta qismini esa fast fudlar orqali qabul qilamiz. Bundan tashqari, biz sevib tanovul qiladigan fri va chips ham yana yogʻ va tuz miqdorining oshishiga olib keladi. Tez pishar tayyor taomning asosiy tarkibini tashkil qiluvchi omil bu chala pishgan goʻsht mahsuloti sanaladi. Ular taksoplazma, bryutselyoz koʻplab ogʻir xastaliklarni keltirib chiqaradi. Bular ayniqsa, ayollar orasida bola tushishiga olib keluvchi sabablardan biri hisoblanadi. U hatto bepushtlikka ham olib kelishi mumkin. Qolaversa, fast fud nafaqat yuqumli boʻlmagan kasalliklarni keltirib chiqaradi, balki yuqumli kasalliklarni-da orttirib olishga zamin yaratadi.

Har narsada meʼyor boʻlgani yaxshi

Mutaxassislar tomonidan 2 litr suv, 5 m/gramm tuz, 3 gramm yogʻ va 30 gramm shakar kunlik meʼyor sifatida belgilab berilgan. Biz bu meʼyorlarga qay darajada amal qilamiz? Toʻgʻri. Ilgari ham choyxonada jazirama issiqda ham yogʻli osh yegan odamlarda bugungiday kasalliklar koʻp ham kuzatilmagan. Sababi ularda jismoniy faollik boʻlgan. Ular ogʻir ovqatlar isteʼmolidan soʻng dalada yana ishini davom ettirgan. Bizda esa fast fud yeb boʻlgach yurgimiz kelmaydi, taksiga minamiz, ishda oʻtirib ishlaymiz, uyga borgach televizor yonida yanada oʻtirib dam olamiz. Oʻz-oʻzidan jismoniy faollik kamayadi. Bu esa biz yuqorida sanab oʻtgan kasalliklarning paydo boʻlishiga olib keladi.

Tan olish kerakki, ushbu mahsulotlarni tayyorlash va sotishni butunlay yoʻq qilib boʻlmaydi. Chunki, yurtimizda, ayniqsa, shaharlarda fast fud industriyasi juda yaxshi rivojlangan. Ammo bu borada bir qadar cheklovlarni amalga oshirish mumkin. Masalan, taʼlim muassasalarida va unga besh yuz metrgacha yaqinlikda boʻlgan joylarda fast fud tayyorlashni taqiqlash, tashqi reklamani toʻxtatish yoki qisqartirish, umuman, fast fud shahobchalarini kamaytirish lozim. Kerak boʻlsa sogʻlom ovqatlanish joylarining reytingini tuzib, ularni ragʻbatlantirish amalga oshirilsa yanada maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bunda ham sogʻlom raqobat kuchayadi, ham reklama vujudga keladi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?