Farzand tarbiyasiga aynan ota-ona javobgardir!

09:08 14 Oktyabr 2020 Jamiyat
340 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning Olmaliq shahar hokimini ishdan ketish sababiga bildirgan eʼtirozi meni hayratga soldi. Muhtaram deputatimizni jasurligi, haqiqatni ochiq aytishi, jamiyatimizdagi islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki tufayli benihoya hurmat qilaman. Unga ovoz bergan kishilarni baxtli insonlar degim keladi. Chunki ularni saylov jarayonidagi qatʼiyati va deputatlikka nomzodni toʻgʻri tanlay bilishgani tufayli elning jasur bir oʻgʻloni kashf etildi. Chunki bugun mamlakatimizni taraqqiyotiga gʻov boʻlayotgan korrupsiya, byurokratiya, maʼnaviy qashshoqlik, ilmsizlik, davlat va xalq mulkini oʻzlashtirish, qonunga boʻysunmaslik, fuqarolar huquqi va erkinligi poymol etilishi kabi holatlarni bartaraf etishda Rasul Kusherbayev doimo faollik koʻrsatmoqda. Biroq bu safar uning fikriga qoʻshila olmayman.

Toshkent viloyati rahbari va Olmaliq shahar Kengashi deputatlari sobiq shahar hokimi xususida oʻz vaqtida toʻgʻri toʻxtamga keldilar.

Chunki hokimlar va rahbarlarning farzandi har bir sohada xalqqa namuna boʻlishi kerak. Milliy davlatchiligimiz tarixidagi barcha xatolar aynan, podshohlar, hokimlar, amaldor toʻralar farzandlarining tarbiyasi zaifligi tufayli yuzaga kelganini muhtaram deputatimiz negadir ilgʻamaganga oʻxshaydi. Aks holda deputatlarning bu qarorini “absurd”, deya atamagan boʻlardi.

Butun dunyo maʼrifatparvarlari ehtirom koʻrsatadigan zot hazrat Alisher Navoiy «Mahbub ul qulub» asarida shahar hokimiga bunday taʼrif beradilar: «Hokim kambagʻal bechoralarning panohi va podshoh davlatining xayrixohidir. Uning koʻnglida xalq moliga taʼma yoʻq, dunyo yigʻishning xayoli yoʻq. Murodi — aholining tinch omonligi, maqsadi — jamiyatning ravnaqidir».

Endi oʻylab koʻraylik, bunday ulugʻ sifatlar bilan ziynatlangan hokimning farzandi qanday axloqqa ega boʻlishi mumkin?! Albatta u xushxulq, jasur va elparvar inson boʻlib yetishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlardagi axloqsizliklar esa, buning tamoman teskarisi — maʼnaviy qashshoqlik girdobidir.

Sessiyada viloyat hokimi Rustam Xolmatov afsus bilan taʼkidlaganidek, xalq kambagʻalligi eʼtirof etilib, uni bartaraf qilish choralari qidirilayotgan bir sharoitda boylikni koʻz-koʻz qilish, keksa fuqaroga zulm oʻtkazish hech bir andozaga sigʻishmaydi-ku?

Masalaning asosiy jihati shundaki, biz Yevropa yoki Gʻarbda emas, Sharq gavhari boʻlgan yurtda yashayapmiz. U yoqlarda balki bunday axloqsizliklar oddiy hol sanalar. Lekin bizning minglab yillar davomida eʼzozlanib kelayotgan milliy davlatchiligimiz, boy madaniyatimiz va tariximiz, urf-odatlarimiz bor. Yevropa va Gʻarbga taqlid qilib ularni boy beraversak kelajak avlodlarga nimani qoldiramiz?!

Farzandning ota-onasi qoshidagi xizmat va vazifalari ayni damda, ota-onaning oʻz farzandi ustidagi haqqi shunchalik yuksakki, bu muqaddas kalomimiz Qurʼonda, sevimli paygʻambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning muborak hadislarida ham oʻz ifodasini topgan. Masalan, «Isro» surasining 24-oyatida: «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni paslat...» deyilgan. Ota-onani eʼzozlash borasida buyuk muhaddis imom al-Buxoriy oʻzining «Al-adab al-mufrad» asarida bunday yozadi:

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Bola ota-onasiga har qancha yaxshilik qilsa ham, ularning yaxshiligini qaytara olmaydi...”.

Oila muqaddasligi, farzand tarbiyasining ana shunday nozik jihatlariga ogʻishmay amal qilgan xalqimiz, tariximizning oltin asri hisoblangan yuzlab yillar davomida dunyo madaniyati rivojiga sababchi boʻlgan olimu ulamolarni yetishtirdi. Biz aynan oʻsha madaniyat merosxoʻrlarimiz!

Oiladagi har bir holatning javobgarligi ota-ona zimmasida ekanligini unutmaganimiz maʼqul. Tarbiyaga ajratiladigan vaqt masalasiga kelsak, dinimizga tazyiqlar kuchli boʻlgan oʻtgan asrning 30-yillarida bobolarimiz dalada omochga qoʻshilgan hoʻkizlarni haydab turib, oʻgʻil-qizlarini yelkasiga opichlab past ovozda Qurʼon yodlatishgan. Shu tariqa dinimiz va madaniyatimiz sarchashmalarini bugungi avlodga meros qoldirishgan. Biz esa bugun faqat va faqat toʻqlikka shoʻxlik qilyapmiz, xolos!

Hokim yoki rahbarning farzandi tarbiyasiz boʻlsa, xalq uning soʻzlariga quloq solmaydi.

Olmaliq shahar Kengashining bu qarori Toshkent viloyati hokimligi rahbariyati masalaning ana shu nozik qirralarini toʻgʻri anglab yetganligi bilan ahamiyatlidir.

Shodiyor MUTAHAROV,
jurnalist-siyosatshunos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?