Farg‘onaning chiroy ochayotgan manzillari

11:53 31 May 2018 Jamiyat
357 0

“Obod qishloq” dasturi chekka hududlarda yashaydigan millionlab hamyurtlarimiz turmush farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan barchada katta mamnuniyat uyg‘otmoqda. Bugungi kunda Farg‘onaning 15 tumanidan o‘ttizta mahalla fuqarolar yig‘ini tanlab olinib, ularning infratuzilmasini yaxshilash payidan bo‘linmoqda.

Dastur doirasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami Oltiariq tumanida ham keng quloch yozdi. Eng yirik qishloqlar — Qapchug‘ay, Poloson, Tinchlik va ularda joylashgan o‘nta mahalla ayni paytda bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu hududlarda yo‘lsozlar, quruvchi hamda me’morlar, tadbirkorlar, keng aholi vakillarining yelkama-yelka mehnat qilayotgani tufayli yangidan-yangi obyektlar barpo etilib, ishga tushirilyapti.

— Bizning eng og‘riqli nuqtamiz “Sharq” mahalla fuqarolar yig‘inining Sharq tongi ko‘chasidagi 19 ta ko‘p qavatli uyning ahvoli edi, — deydi tuman hokimi Xolmirza Niyozov. — Aksariyat uylarning tomidan chakka o‘tganligi bois aholi tashqi fasadni umuman ta’mirlamay qo‘ygandi. Qishloq ko‘chalarida fuqarolar o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilmalarni tashkil etgan, qishloq ichidan oqib o‘tuvchi ariq-zovurlar axlat uyumlariga to‘lib-toshgan edi.


“Qapchug‘ay obod kelajagi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga bankdan 357 million so‘mlik kredit berilib, birinchi ishimiz, tomlarni shiferlashdan boshlandi. Rejasiz qurilgan binolarni olib tashlash va obodonlashtirish yumushlarida aholining o‘zi faol bo‘ldi. Ertangi kun obodligi ularda umid uyg‘otdi. Xonadonlarga kirish qismi hashar yo‘li hamda homiylik mablag‘lari yordamida to‘liq ta’mirlandi.

Poloson va Tinchlik qishloqlarida joylashgan xonadonlarning 10 580 metr kvadrat tom qismi yangilandi, 444 ta xonadonning tashqi tarafi umumiy landshaftga xos tarzda bo‘yaldi. Ushbu hududning 8 kilometrlik qismidagi yog‘och tayanchlar betonlisiga almashtirilib, 360 ta ko‘cha chirog‘i o‘rnatildi.

Aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 5,8 kilometr quvur tortildi, 4 kilometr oqova suv tarmog‘i tozalanib, 300 metri yangidan yotqizildi. Asosiy yo‘ldan mahalla ko‘chalariga kirish joyining 4 ming metri ta’mirlandi. Qolaversa, hududdagi 48 ta savdo do‘koni, 18 ta go‘sht do‘koni hamda 43 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti rekonstruksiya qilindi.

Tashabbus va shijoat

Qapchug‘aydagi 19 ta ko‘p qavatli uyning bugungi qiyofasiga boqib, uning tarovatini yanada ochib yuborgan maskan — yangi maktabgacha ta’lim muassasasidan dil yayraydi. Ko‘p qavatli turarjoylarning qoq markazidagi sobiq 44-maktabgacha ta’lim muassasasi binosi shu kungacha qarovsiz qolib, xarobaga aylangan edi. Obyekt tadbirkor Muhammadjon Abdurahmonovga xususiy bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida “nol” xarid qiymatida berildi.

— 3 milliard 500 million so‘mlik kredit asosida mazkur binoda zamonaviy 140 o‘rinli bog‘cha tashkil etildi, — deydi tadbirkor. — Bolajonlar uchun yozgi cho‘milish havzasi, sport maydonchasi, ertaklar olami maskani ham bunyod qilindi. Bundan tashqari, ushbu bir gektar maydon tarkibida non ishlab chiqarish, tikuv sexlari faoliyat boshladi. Natijada ko‘p qavatli xonadonlarda yashovchi ellikdan ortiq aholi ish bilan ta’minlandi.

Tadbirkor Sabriniso Vahobovaning sa’y-harakati bilan yaqinda bu yerda “Imona atlas” xususiy korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tikuvchilikka ixtisoslashtirilgan mazkur korxonada ehtiyojmand, jismoniy imkoniyati cheklangan, e’tiborga muhtoj 100 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi. Umumiy ovqatlanish majmuasi bilan birgalikda ochilgan go‘zallik saloni, kelin liboslari do‘koni hamda boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida aksariyat yoshlar ijtimoiy foydali mehnat bilan band.

Tinchlik shaharchasidagi ezgu yumushlar ham qizg‘in pallada. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tasarrufidagi madaniyat saroyi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, madaniy-ma’rifiy maskanga aylantirilganidan hudud ahli minnatdor. 300 o‘rinli tadbirlar zali zamonaviy ko‘rinish oldi. Madaniyat saroyi xududida tez kunlarda bolalar attraksionlari, shuningdek, kichik dehqon bozori, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, kitob do‘koni, internet markazi foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

“Yangi hayot”ning yangi hayoti

Hayotbaxsh dastur yana bir qator mahalla xonadonlarini ham qamrab olgan. Xususan, Tinchlik shaharchasida joylashgan “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inining katta yo‘l bo‘yida joylashgan manzillarida haqiqiy ma’noda yangi hayot boshlanmoqda.

Mazkur yig‘in raisi Tohirjon Rahmonovning ta’kidlashicha, dasturga kiritilgan 257 xonadon, 4 ta ko‘p qavatli uyda yashovchi yurtdoshlarimizning talab va takliflari, maqsadlari yaqindan o‘rganildi. Ehtiyojmand fuqarolarning xonadoniga shirkat hamda homiylik mablag‘lari hisobidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Ko‘plab uylarda ta’mirlash-qurilish ishlari bajarildi. Ulkan yangilanishlar Sharq, Quvurboshi, Beruniy, Yoshlik, Ibn Sino, Do‘stlik, Navoiy hamda O‘zbekiston mahallalarida ham olib borilayotir.

— Mahallamizda o‘tgan yili 57 ta kam ta’minlangan oila ro‘yxatga olingan edi, — deydi “Quvurboshi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Habibiddin Saidov. — Tushuntirish ishlari olib bordik. Tomorqadan foydalanish tajribasini ommalashtirdik. Natijada hozirgi paytda kam ta’minlangan oilalar soni 20 tani tashkil etayapti, xolos. Maqsadimiz — aholini imkon qadar boqimandalik kayfiyatidan chiqarishdan iborat.

Ana shunday xayrli ishlarni, obodonchilik tadbirlarini boshqa mahallalarda ham kuzatish mumkin. Umuman, dastur doirasida viloyat bo‘yicha 2864 ta uy-joy va 9,8 kilometr ichki hamda xo‘jaliklararo yo‘llar ta’mirlandi. 23 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 105,9 kilometr elektr tarmog‘i yangilanib, aholi xonadonlariga 4440 ta gaz balloni yetkazib berildi. Bir kilometr tabiiy gaz tarmog‘i modernizatsiya qilindi.

Qisqasi, “Obod qishloq” dasturi asosida, odamlarni rozi qilish yo‘lida ana shunday bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirilayotir. Bundan, ayniqsa, el-ulus xursand. Ular qo‘l qovushtirib o‘tirmasdan xayrli ishlarga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Bir yo‘lingiz tushganida, albatta, Qapchug‘ay, Tinchlik, Polosonga kirib o‘ting. Zero, kundan-kun chiroy ochayotgan ushbu maskanni qayta kashf etasiz.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Xursandbek Arabboyev olgan suratlar


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?