Farg‘onalik jinoyatchiga 12 marta sud hukmi chiqarildi

19:04 21 May 2018 Jamiyat
404 0
Foto: ecrypto.ru

Farg‘ona viloyati Beshariq tumanilik Yo‘ldosh Mamatqulov ilgari ham bir necha bor jinoyat sodir etib, sudlangan. 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bilan aybdor deb topilib, 8 (sakkiz) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudining 2017 yil 5 yanvar kungi ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 74-moddasiga asosan o‘talmay qolgan 4 yil 7 oy 11 kun ozodlikni mahrum qilish jazosi shu muddatga yashash joyini tark etishni butunlay taqiqlagan holda ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. 

64 yoshni qoralayotgan Y. Mamatqulov bundan tegishli xulosa chiqarmadi. Yashash xonadoni ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tekshirilganda, u o‘z joyida bo‘lmagan. Ulfatlari bilan spirtli ichimlik ichib, ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazodan qasddan bo‘yin tovlab yurgan. 

Xavfli retsidivist bo‘lgani holda 2018 yil 9 aprel kuni soat 22:00 larda o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan Xolmatjon Niyozov bilan yashash uyida uchrashib, o‘rtasidagi pul oldi-berdi masalasi yuzasidan o‘zaro og‘zaki janjallashib qolib, urishadi. Janjal davomida Y.Mamatqulov yashash uyi tokchasida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan X.Niyozovni ikki qo‘li, chap oyoq son qismlariga qasddan sanchib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudi raisi F. Sobirovning O‘zAga xabar qilishicha, mazkur jinoyat yuzasidan Y. Mamatqulovga nisbatan sud o‘z hukmini chiqardi. 12 marta sudlangan Y. Mamatqulovga 4 (to‘rt) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?