Fargʻonalik Muxtor ota Ibrohimov: Tomorqa ertakdagi qaynar xumchaga oʻxshaydi.

16:07 13 Aprel 2020 Jamiyat
500 0

Joriy yilning 8-aprel kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda mirishkorlar bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3-marta ekin ekish va qoʻshimcha hosil olish birinchi darajali vazifa boʻlishi kerakligini bildirdi. Prezident aytib oʻtganidek, hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qoʻyish yurtga va yerga nisbatan xiyonat, deb baholanishi kerak. Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga esa yer soligʻi oshirilgan stavkada qoʻllanilishi maʼlum qilindi.

Markaziy Osiyo gavhari Fargʻona viloyatida ayni kunlarda global inqiroz xavfini kamaytirish va aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini kafolatli taʼminlashga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Joriy yilda belgilangan rejaga nisbatan bogʻ va tok qator oralariga va gʻalladan qisqargan maydonlarga qoʻshimcha jami 14.0 ming gektar sabzavot va poliz mahsulotlari ekish koʻzda tutilgan. Joriy yil davomida viloyatda jami 177 gektar maydonlarda 1750 ta issiqxonalar tashkil etiladi. Shundan, 53,1 gektar maydondagi 525 ta issiqxonalar namunaviy loyiha asosida, 124 gektardagi 1225 ta issiqxonalar esa mahalliy xom-ashyodan bunyod etiladi. Ushbu mablagʻlar uchun 17,5 mlrd.soʻm mablagʻlar talab etilib, shundan 11 mlrd.soʻmi tijorat banklari kredit mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Soʻnggi yillarda bagʻdodliklar ham Oltiariq,Quva tumanlaridagi mirishkorlardek tomorqadan samarali foydalanishning hadisini olishdi. Zotan, oʻtgan 2019-yilning oʻzida tumandagi 1 ming 372 ta tomorqada issiqxona qurilib, ularning umumiy soni 9 mingga yaqinlashdi.
 

Ultarmalik Muxtorjon ota Ibrohimov salkam 75 yoshda, biroq hali-hanuz oʻzini tomorqaga “uradi”. Bundan yetti yil oldin toshloq maydon oʻrnida tashkil etgan issiqxonasida bodring, pomidor, qalampir va karam ekadi. Bu yildan nuroniy ota oʻrnak boʻlish maqsadida xayhotdek 2 ta issiqxonadagi uyachalarga qulupnay urugʻlarni qadab, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qildi. Qarangki, obi-tobida qilingan mehnat fevral oyida natija berdi: har biri chaqaloqning mushtiday keladigan qulupnaylarni koʻrib, nevaralarning ogʻzidan suv qochdi...

- Oʻshandan beri har 2 kunda uzib, ehtiyojimizdan ortganini bozorga chiqarib sotyapman, — deydi Muxtorjon ota. – Qish oylarida bu rezavori tushmagurning xaridori koʻp boʻlarkan. Kilosini 75 ming soʻmdan sotdim! Haligacha har terganimda 30-35 kilodan hosil olaman – qaynar buloqqa oʻxshaydi. Bugungi sinovli karantin davri ham biz uchun bir imtihon, bolam. Nasib qilsa, tez orada bu koʻrganlarimiz ham ortda qoladi. Lekin bu karantin degani – toʻrt devor ichiga qamalvoli-i-ib oʻtirish, degani emas! Tomorqada terlab-terlab mehnat qilish, bogʻ yaratish, qoʻshimcha daromad olish uchun yaxshigina imkoniyat. Xudo koʻrsatmasin, bu kasallik iqtisodiyotimizga ozmi-koʻpmi salbiy taʼsir koʻrsatsa, mana shu tomorqadan olgan hosilimiz, daromadimiz bizga bakor keladi. Shuni bila turib, shapaloqday boʻlsayam tomorqasida ekin-tikin qilmagan odam – xiyonatkor boʻladi-da...

Yer bilan tillashgan, unga gʻamxoʻrlik qilib, mehr-muruvvatini koʻrsatgan odam aslo kam boʻlmaydi. Buni Buvayda tumanidagi Nayman qishlogʻi ahli juda yaxshi biladi.

Abduhalil Mingboyev dehqonchilik qilishni boshlaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Ammo mahallasidagi dehqonlar ishini koʻrib, koʻzi pishgan yigit ikki yilda bip-binoyidek mirishkor dehqonga aylandi. U oʻtgan yili 2 sotix yerga issiqxona qilib, bodring va pomidor yetishtirgan edi. Moʻjazgina yerdan yaxshigina daromad olgach,tejalgan mablagʻ evaziga bu yil issiqxonani 8 sotixga kengaytirdi.
 

Rishton tumani usta kulollar yurti sifatida butun dunyoga dongʻi ketgan. Uning tuprogʻidan yaralgan moʻjizalar mamlakatimizning deyarli barcha xonadonlarida topiladi. Shu bilan birga, tumanda tomorqadan foydalanishda ham oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Xonadonlardagi jami 2 800 gektardan ortiq tomorqalardan bir qarich isrof erni topolmaysiz. Barcha non kabi yerni qadrlaydi, undan unumli foydalanadi.

“Olmazor” mahalla fuqarolari yigʻinida yashovchi Karomatxon Xoʻjamnazarova oʻgʻillari Yoqubjon va Bahrom bilan 6 sotixli tomorqasida ikkita issiqxona tashkil etgan. Uch qizi va nabira toʻylarini shu tomorqa foydasidan oʻtkazdi.

– Oqin suv muammo boʻlganligi bois tomchilab sugʻorishni yoʻlga qoʻyganmiz, –deydi oʻgʻli Yoqubjon Xoʻjamnazarov. –Shu yoʻl bilan bodring va ziravor koʻkatlar parvarishlab bir yilda oʻrtacha 15-20 milliondan uch marta daromad qilamiz. Bu yil 2-apreldan birinchi hosilni uzishni boshladik. Hozir oltinchi terim. Bu jarayon avgust oylariga qadar davom etadi. Keyin qayta kuzgi shudring–bodring ekamiz. Noyabr oxirlarida boʻshagan tomorqani oʻgʻitlab sarimsoqpiyoz yoki koʻkat parvarishlaymiz. Bahorgi yetishmovchilik payt – qahraton qish davomida olgan daromadimiz kamimizni toʻldiradi.

“Uzunkoʻcha” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 65 yoshli Anvarjon Mamayev ham bekorchilikni bilmaydi. 2 sotixli issiqxonada limon parvarishlaydi. Koʻchatlar ostiga pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, koʻkat ekib qoʻshimcha daromad ham qiladi.

Zohidon qishlogʻidagi Rasuljon Imomov tomorqasini hech qachon boʻsh qoldirmaydi. Yer qishin-yozin ekin bilan band. Yil davomida tomorqaga jambil, rayhon, pomidor, kartoshka, bodring, ukrop, kashnich, ismaloq va boshqa koʻkatlar ekadi. Eng asosiysi oilada yil davomida daromad uzilmaydi.

– Sakkiz sotixga yaqin tomorqamizdan yil davomida 5-marta hosil olamiz, –deydi Rasuljon Imomov. – Qush uyasida koʻrganini qiladi, deydi dono xalqimiz. Nabiralarimga, farzandlarimga amal bilan oʻrnak boʻlay deyman. Hozir 4 nafar oʻgʻlimdan koʻnglim toʻq. Ular oʻz tomorqalarida mehnat bilan band.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ishning koʻzini bilgan, 4-5 sotix tomorqasidan katta daromad olayotgan xonadonlarning yashash tarzi ham, hayotga munosabati ham boshqacha, turmushi farovon. Yilning toʻrt faslida vodiy xonadonlarining qaysi biriga bormang, zahmatkash uy egasi qoʻli koʻksida egat oralab keladi.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?