Fargʻonadagi sayyor qabulni oʻtkazishda koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻygan masʼullarga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi

15:56 10 Iyul 2019 Jamiyat
253 0

OʻzA tomonidan 2019-yil 1-iyul kuni eʼlon qilingan “Sahnalashtirilgan qabul yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Fargʻona viloyatiga nega kelgandi?” sarlavhali maqolasida keltirilgan maʼlumotlarni oʻrganish yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining Xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinib, keltirilgan har bir holat Ishchi guruhi tomonidan joyiga chiqqan holda atroflicha oʻrganildi. Oʻrganish natijalari haqida vazirlik matbuot xizmati axborot berdi.

Unga koʻra, oʻrganish natijasida quyidagilar aniqlangan:

Moʻminova Ziroatxon boʻyicha keltirilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topmadi. (Maʼlumot uchun – Z.Moʻminovaning murojaati, uning turmush oʻrtogʻi Moʻminov Olimjonni tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga Qoʻqon tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan berilgan yoʻllanmaga koʻra 28.06.2019-yildagi №65/1-sonli buyruq asosida ishchi vazifasiga ishga joylashtirilganligi bilan hal qilingan).

Mirzamatova Gulbahor boʻyicha keltirilgan maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topmadi. (Maʼlumot uchun – G.Mirzamatovaning murojaati Oltiariq tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan berilgan yoʻllanma asosida Oltiariq tumani Shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimiga 28.06.2019-yildagi №135-sonli buyruq asosida sanitarka vazifasiga ishga joylashtirilganligi bilan hal qilingan).

Zarifa Xolmuhamedova va Ziyoda Shamsutdinova toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻz tasdigʻini topdi. (Maʼlumot uchun – Margʻilon shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazining rahbariyati masʼul xodimlari tomonidan koʻzboʻyamachilik holatiga yoʻl qoʻyilgan). Ushbu holat bevosita mehnat organlarining masʼuliyati va bu biz uchun juda ayanchli holat.

Sayyor qabulni tashkil etish va oʻtkazishda koʻzboʻyamachilik va xatolikka yoʻl qoʻygan Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari masʼul rahbar va xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksida belgilangan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida mazkur masala Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining navbatdagi Hayʼat yigʻilishi kun tartibi muhokamasiga kiritildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?