Fargʻonadagi kasalxonalarda nega koykalar soni qisqartirilmoqda?

11:01 14 Dekabr 2018 Jamiyat
514 0

Illyustrativ foto

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”/Toshkent. Ayni paytda Senatning oʻn yettinchi yalpi majlisi oʻz ishini davom ettirmoqda. Yigʻilish avvalida bugun koʻrib chiqiladigan masalalar kun tartibiga yana ikkita qonun qoʻshilgani aytib oʻtildi.

Senatorlar Fargʻona viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.

Shundan keyin savol javoblar boʻlib oʻtdi.

Senator Enaxon Siddiqova: Fargʻonaliklar qachon sifatli ichimlik suvidan barqaror foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi?

Savolga Uy joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari javob berdi:

— Toʻgʻri, bu borada Fargʻonada qilinishi lozim boʻlgan ishlar juda ham koʻp. Sohadagi muammolarni hal qilish uchun 2019 yilda 2018 yildagidan 2 barobar koʻp mablagʻ ajratilyapti. Bu muammolar bira toʻla yechilmaydi, bosqichma-bosqich hal etiladi.

Senator Gavhar Alimova Fargʻona viloyatda shifokor mutaxassislarning yetishmasligi, tibbiy muassasalarning moddiy texnik ahvoli va ularning tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammolar xususida soʻradi. Senatorning taʼkidlashicha, bugungi kunda viloyatda 243 nafar mutaxassis yetishmayapti. 23 turdagi 900 milliard soʻmlik tibbiy asbob uskunalarga ehtiyoj bor. Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarining 70 foizi ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan. Eng achinarlisi, kasalxonalardagi oʻrinlar (koykalar) qisqartirilayotganidir. Buning sabablari nimada?

Savolga sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev javob berdi:

— 2018 yilda investitsiya dasturlari doirasida Fargʻona viloyatida 29 ta tibbiyot obyektini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish uchun 45,7 milliard mablagʻ ajratildi. Ammo, bu mablagʻlar viloyatdagi toʻliq tibbiy maskanlarni qamrab olishga kamlik qilmoqda. Birinchi navbatda eng zarur boʻlganlari qamrab olinyapti.

Kadrlar yetishmasligi masalasi bu faqat Fargʻonada emas, butun mamlakatda kechayotgan muammo. 2017 yilning boshida respublika miqyosida 11 ming nafar shifokorga ehtiyoj boʻlsa, hozirda olib borilayotgan ishlar natijasida bu raqam 4 mingni tashkil etmoqda.

Koykalar masalasida aytadigan boʻlsak, koʻpgina moddiy texnik bazasi eskirgan tibbiyot muassasalari markazlashtirilib, ularda zamonaviy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish ustida ish olib borilyapti. Shuning uchun ham oʻrinlar qisqarishi mumkin. Ammo, bu masala aholi soni va talablariga qarab yana qayta koʻrib chiqiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?