Fargʻonadagi bir mahallada 500 ta issiqxona bor

09:53 22 Aprel 2020 Iqtisodiyot
467 0

Sarlavhadan hayron boʻlmang! Bu ayni haqiqat ekanligini maqola soʻngidagi intevyudan bilib olasiz.

Shoiraxon opa Qoʻrchiyeva Bagʻdod tumanining “Dasht” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashaydi. Oʻziga toʻq, koʻngli xotirjam va roʻzgʻori but oilaning bekasi. Bu xonadon aʼzolari tomorqadagi issiqxonada sabzavotlar yetishtirish va ularni erta bahordan boshlab bozor rastalariga peshma-pesh yetkazib berish bilan shugʻullanib keladi. Koʻzlarimiz koʻkka tashna boʻlib turgan shu kunlarda Shoiraxon opaning tomorqasi koʻrar dilni quvnatar darajada.

– Shukrki, ana shu mehnatimiz ortidan iqtisodiy toʻkinlikka erishdik, — deydi xonadon sohibasi biz bilan suhbatda. – El-yurtga, mahalla-koʻyga toʻy berib, qoʻsha-qoʻsha imoratlar koʻtaradigan yoshdamiz. Bu xarajatlarni tomorqamizda yetishtirilgan hosil bilan qoplaymiz. Kimlardir bir parcha yerga zor boʻlib turgan vaqtda bizning tasarrufimizda shuncha ekin maydoni boʻla turib, undan oqilona foydalanmasak, berganning qoʻlini sindirgan, Yaratganning beminnat neʼmatidan yuz oʻgirgan boʻlamiz, axir.
 

Xonadon sohibasi yangilikka oʻch ekan, deng, issiqxonada tomchilatib sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻydi.

– Mahallamiz oʻz nomi bilan dasht hududi. Bu yerda biroz suv taqchilligini hisobga olmaganda,alohida mehr berib toshni ham koʻkartirsa boʻladi, — deydi Shoira opa. –Oʻgʻlim santexnika ishlaridan oz-moz xabardor. Televizor orqali koʻrganlarini, yana, internet orqali oʻqiganlarini amalda qoʻllab, issiqxonamizga tomchilatib sugʻorish tizimini oʻrnatdi. Koʻrib turganingizdek, ozgina xafsala, qunt boʻlsa kifoya. Hech qanday qiyinchiligi, murakkabligi yoʻq ekan bu usulning.

Hudud aholisi bogʻdorchilikni ham yaxshi oʻzlashtirgan: kimdir tomorqada xurmo, yana kimdir shaftoli, boshqa birov olma bogʻi barpo etib, roʻzgʻorining toʻkinligi uchun zamin hozirlamoqda.

Karimaxon opa Qoʻchqorova oʻtgan yili issiqxonasiga limon koʻchatlarini ekdi. Qator orasi boʻsh qolmasin uchun joʻyak tortib, qulupnay ekdi.

– Tomorqamizda bir necha yillardan beri issiqxona mavjud, – deydi xonadon sohibasi. – Har yili moʻmay daromad olyapmiz. Ekin-tikin ishlari bilan asosan farzandlarim shugʻullanishadi, lekin men ham jimgina qarab turmayman. Baholi qudrat, ularga yordam beraman, yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, ish oʻrgataman. Bu yil qulupnay yetishtiryapmiz. Xudo xohlasa, hosilimizdan baraka topamiz. 
 

MFY raisi Ibrohimjon Qoʻqonovning aytishicha, aholi oʻrtasida tomorqadan oqilona foydalanish koʻnikmalari yil sayin rivojlanib bormoqda. Hududda 867 ta xoʻjalik mavjud boʻlsa, aholi tasarrufida 70 gektarga yaqin tomorqa bor. Ana shu tomorqalarning 534 tasida issiqxona tashkillangan. Shu yilning oʻzida yana 100 dan ortiq tomorqada yangi issiqxonalar barpo etilmoqda.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?