Fargʻonada yangi bozor foydalanishga topshirildi

13:45 15 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
932 0

Foto: Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati

14 dekabr kuni Fargʻona viloyati Toshloq tumani markazidagi “Savdo majmuasi” va “Dehqon bozori”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda viloyat Soliq boshqarmasi “Xalq soʻzi”ga xabar berdi.

Unda viloyat hokimi oʻrinbosari Akmaljon Ortiqov soʻz olib, tuman aholisini zamonaviy tarzda rekonstruksiya qilingan savdo majmuasi va bozor ochilishi bilan tabrikladi.

Prezidentimizning 2017 yil 27 martdagi “2017 — 2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2853-sonli qaroriga asosan rekonstruksiya qilingan Toshloq tumanidagi “Savdo majmuasi” va “Dehqon bozori”ning qurilish-taʼmirlash ishlari “Saodat Trans” MCHJ tomonidan 2018 yilning may oyida boshlangan boʻlib, 14 dekabrga qadar zamonaviy koʻrinishga keltirildi. Ushbu inshootlarning qurilish-taʼmirlash ishlari uchun jami 3,2 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

Tadbirda qator davlat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Nazirjon Polvonov ham ishtirok etib, “Dehqon bozori” va zamonaviy “Savdo majmuasi”da oziq- ovqatlar hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosini samarali tashkil etilishi va ularning qoshida savdo-xarid korxonalari tashkil qilinishini koʻzdan kechirdi. Shu bilan birga, bozor va savdo majmuasida faoliyatini boshlagan tadbirkorlar, sotuvchilar va xaridorlar bilan suhbat uyushtirdi.

“Dehqon bozori” quruq va hoʻl mevalar rastasi, non rastasi, sut va sut mahsulotlari rastasi, tuxum rastasi, guruch rastasi kabi turli xil rastalarga boʻlingan boʻlib, sotuvchilar va xaridorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Foto: Fargʻona viloyati Davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati

Shuningdek, “Savdo majmuasi”ning old tomonida Toshloq tumani chorva fermer xoʻjaliklari goʻsht rastasi tashkil etilgan boʻlib, mol goʻshti arzonlashtirilgan narxda, 33 ming soʻmdan 35 ming soʻmgacha sotilmoqda.

Bundan tashqari, bayram yarmarkasi ham tashkil etilgan boʻlib, bu yerda aholi ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan yogʻ, guruch, kartoshka, piyoz, sabzi kabilar, bayram arafasida xaridorgir boʻlgan olma, anor, nok, banan, mandarin, kivi singari mevalar arzonlashtirilgan narxlarda savdoga qoʻyilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?