Fargʻonada uyning tom qismi ham issiqxonaga aylantirildi

14:02 16 Aprel 2020 Iqtisodiyot
1390 0

Buvayda tumanining Beshterak qishlogʻilik Mahammadjon Yoʻldoshev 4,5 sotix tomorqasida har yili gul yetishtirib, 20-25 million soʻm atrofida daromad qiladi. Uddaburon, mehnatkash, yangilikka intiluvchan oila aʼzolari bu yil yashash uyining tom qismini ham issiqxonaga aylantirishdi. Izlagan imkon topar,deydi dono xalqimiz. Ayni kunlarda Yoʻldoshevlar xonadoni tomidagi 1 sotix issiqxonada bahoriy gullar qiygʻos ochilgan. Mana buni yerdan unumli foydalanishda oʻziga xos innovatsion gʻoya, desa boʻladi.

–Yirik binolarning tom qismida hatto daraxt yetishtirilgani tarixdan maʼlum. Ayniqsa,zamonaviy arxitekturada ham bu tajribadan keng foydalanmoqda, –deydi Mardonbek Yoʻldoshev. –Uylarimizning tom qismi bekor yotishiga qarab tura olmadim. Uy sharoitidan kelib chiqib yengil vaznli profillardan foydalanib issiqxona qildim. Hozir tomda alohida qogʻoz va sellofan idishlarda 3 ming tupdan ortiq gul koʻchatlari navini koʻpaytiryapmiz. Har yili 10 turdagi xonaki va noyob gullar, koʻkat yetishtirishni ham kanda qilmaymiz. 

Umuman olganda, Fargʻona tomonlarda koʻchatchilik,uzumchilik va poliz mahsulotlarini yetishtirishda tomdan foydalanish uslubi keng tarqalgan.

Beshariq tumanining Ropqon qishlogʻida istiqomat qiluvchi Dilmurod Abdusaliyev oʻz xonadoni tomorqasidan ulkan daromad olish borasidagi tajribasi ham eʼtiborga loyiq. Bu oila issiqxonalarida koʻp yillardan buyon pomidor-bodring, sitrus mevalar parvarishlanadi. Uy tom qismida esa turli koʻchatlar yetishtirib sotish orqali ham yaxshigina daromadga ega boʻlishadi. Uning xonadonida baliq boqish uchun hovuz ham tashkil qilingan. Yem-ozuqalar bilan mineral oʻgʻitlarga boyigan hovuz suvi esa issiqxonalarga yoʻnaltiriladi.
 

–Bundan buyon tomorqadan foydalanishda yalqov va dangasalik qiladigan oilalar aslo kechirilmaydi, –deydi Beshariq tumani hokimi Rasuljon Joʻrayev. – Aslida bugungi sinovli va murakkab, karantin sharoitida davr talabi ham shu – har bir oilada tomorqani ulkan daromad manbaiga aylantirish. Tumanimizda gulchilik, koʻchatchilik, bogʻdorchilik singari tarmoqlardagi ilgʻor tajribalarni faqatgina ommalashtirish orqaligina koʻzlangan maqsadga erishiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 2020-yil davomida Fargʻona viloyatida aholi tomorqalaridan jami 924 ming tonna sabzavot, kartoshka,poliz, dukkakli va moyli ekin mahsulotlari yetishtiriladi. Ushbu mahsulotlarning 608,8 ming tonnasi ichki isteʼmolga, 233,3 ming tonnasi eksportga hamda 64,4 ming tonnasi qayta ishlashga yoʻnaltiriladi.

 

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?