Fargʻonada uy tomida koʻchatlar yetishtirilmoqda

12:24 27 Fevral 2019 Jamiyat
666 0

Beshariq tumanining Ropqon qishlogʻida istiqomat qiluvchi Dilmurod Abdusaliyev oʻz xonadoni tomorqasidan ulkan daromad olish borasidagi tajribasi eʼtiborga loyiq. Bu oila issiqxonalarida koʻp yillardan buyon pomidor-bodring, sitrus mevalar parvarishlanadi. Uy tom qismida turli koʻchatlar yetishtirib sotish orqali ham yaxshigina daromadga ega boʻlishadi.

– Izlangan imkon topar deydi, dono xalqimiz. Mol-qoʻy boqadigan ogʻilning tom qismi erta bahordayoq qishga zaxira qilingan xashaklardan boʻshaydi, –deydi D.Abdusaliyev. – Kech kuzga qadar boʻsh yotishiga qarab tura olmadim. Uy sharoitidan kelib chiqib yengil vaznli issiqxona qildim. Hozir tomda alohida qogʻoz va sellofan idishlarda 3 ming tupdan ortiq pomidor koʻchatlari va Rossiya davlatidan olib kelingan, toʻrt faslda ham meva beradigan qulupnayning “Romentalnыy” navini ham shu tomda koʻpaytiryapmiz. Har yili birgina limon yetishtirish orqali 30 million daromad olamiz. 10 turdagi xonaki gullar, koʻkat yetishtirishni ham kanda qilmaymiz. Limon koʻchatlari ostida bulgʻor qalampiri, tarvuz koʻchatlari yetishtiramiz. Tajriba sifatida apelsin koʻchatini uy sharoitida parvarishlayapman. Bu yil bir dona meva tugdi. Natija kutilganidek boʻlyapti.

Dilmurod Abdusaliyev xonadonida baliq boqish uchun hovuz ham tashkil qilgan. Yem-ozuqalar bilan mineral oʻgʻitlarga boyigan hovuz suvi esa issiqxonalarga yoʻnaltiriladi.

Aytib oʻtish joizki, Kuni kecha Rapqon mahalla fuqarolar yigʻinida oʻtkazilgan amaliy seminar mavzusi ham tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, yutuqlarni ommalashtirish va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga barham berishga bagʻishlandi. Unda mahalliy hokimlik va daxldor idoralar mutasaddilari bilan birgalikda 400 nafarga yaqin aholi-tomorqa yer egalari ishtirok etdi.

–Bundan buyon tomorqadan foydalanishda yalqov va dangasalik qiladigan oilalar aslo kechirilmaydi, –dedi Beshariq tumani hokimi Rasuljon Joʻrayev. – Aslida bugungi davr talabi ham shu – har bir oilada tomorqani ulkan daromad manbaiga aylantirish. Tumanimizda gulchilik, koʻchatchilik, bogʻdorchilik singari tarmoqlardagi ilgʻor tajribalarni faqatgina ommalashtirish orqaligina koʻzlangan maqsadga erishish mumkin. Shu bois barcha fuqarolar yigʻinlarida xoʻjakoʻrsinga emas, amaliy seminarlar oʻtkazilyapti.

Fevral oyida hududlarda 100 dan ortiq tashkillangan shu mavzudagi seminarlar Fargʻona viloyati aholisining tomorqalaridan maksimal darajada foydalanish va foyda olish qobiliyatini shakllantirishga qaratildi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan 2018 yil davomida targʻibot tadbirlari va keng jamoatchilik vakillarining tushuntirishlariga qaramasdan oʻz tomorqalaridan foydalanishni istamagan 250 dan ortiq xoʻjaliklarga nisbatan soʻngi chora -belgilangan tartibda tomorqasidan foydalanish huquqidan mahrum qilish choralari qoʻllanilgan.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?