Fargʻonada toshdan qogʻoz ishlab chiqarish qoʻshma korxonasi taʼsis etildi

14:43 03 Iyul 2019 Iqtisodiyot
691 0

Bugun Fargʻona shahridagi “Sayqal” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Xitoyning “Henan GX-Mach environmental Technoloji Co.LTD” kompaniyasi oʻrtasida 7 mln dollarlik toshdan qogʻoz ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tarixiy shartnoma imzolandi. Kelishuvga asosan,“Fergana stone paper company” Xitoy –Oʻzbekiston qoʻshma korxonasi taʼsis etildi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25-27-aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib oʻtgan “Bir makon-bir yoʻl” 2-Xalqaro forumida Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev ishtirok etib, Ning Bo Stone Paper Environmental Materials Co., Ltd kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Tomas Xou bilan uchrashgan edi.

Bu loyiha Xitoy delegatsiyasining Fargʻona shahriga tashrifi chogʻida ham muhokama qilingan edi.

Bugungi kunda tarixiy jarayon ustida turibmiz, -deydi “Sayqal” masʼuliyati cheklangan jamiyati menejeri Temur Akramov.- Chunki Fargʻona shahridaMDH mamlakatlarida yagona boʻlgan toshdan qogʻoz ishlab chiqarish sanoati tashkil etilyapti. Loyihaning 3 mln.593 mln. dollariga uskuna va texnologiyalar olib kelinadi va bir yilda 9 ming tonnadan ziyod toshdan qogʻoz ishlab chiqariladi.

Bir yilda mamlakatimizga 230 ming tonnadan ortiq qogʻoz mahsulotlari import qilinadi. Afsuski, ana shu qogʻoz mahsulotlari yangitdan qayta ishlanmaydi. Oʻzbekiston uchun bu loyihaning ahamiyatli tomoni shundaki, katta miqdordagi valyuta resurslari iqtisod qilinadi,

Loyiha tashabbuskori Abdurahmon Niyozovning aytishicha, qogʻoz tayyorlash jarayonida ekologiyaga hech qanday zarar yetmaydi, balki oddiy tosh yoki kalsiydan foydalaniladi. Lekin tosh qogʻozning sifati sellyuloza qogʻoznikidan butunlay farq qiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot ekologik toza. Masalan, odatiy qogʻoz ishlab chiqarish jarayonidatsellyulozava katta miqdorda suv kerak boʻladi. Ana shu suvning uchdan bir qismi zaharli moddalar hisoblanadi. Toshdan qogʻoz ishlab chiqarishda esa suv kerak boʻlmaydi. Bundan tashqari, mahsulot suvda erimaydi, yozuvlar uzoq muddat davomida oʻchib ketmaydi. Allergik kasalliklarni keltirib chiqarmaydi. Tan narxi va sifat darajasi oddiy qogʻozga nisbatan bir necha barobar arzon.

Eslatib oʻtamiz, toshdan qogʻoz ishlab chiqarish industriyasi sanoat darajasida faqatgina Xitoy va Tayvan davlatlarida yoʻlga qoʻyilgan. Fargʻona viloyati maʼmuriy markazida Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida bugungi imzolangan shartnoma esa ushbu mamlakatlar qatoriga Oʻzbekistonni ham kiritib qoʻydi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?