Fargʻonada tadbirkorlik subyektlari 16 621 taga yetdi

18:08 23 Iyul 2019 Iqtisodiyot
142 0

Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasida Erishilgan yutuqlar va muammolar sarhisobi” mavzusida tashkillangan matbuot anjumanida ijobiy natijalar bilan birgalikda ayni kunlarda bu sohada koʻndalang turgan muammolar roʻy-rost aytildi.

Taʼkidlandiki,2019-yilning 6 oyi davomida tuman,shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 5.028 yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Soha yoʻnalishi boʻyicha736 oilaviy korxona, 11.793 yuridik shaxs boʻlmagan tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatdan oʻtkazilishi taʼminlangan. 2019 yil 30-iyun holatiga 50 xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar qonunan oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

-Oʻtgan yarim yil davomida jismoniy va yuridik shaxslarga 802 mingdan ortiqdavlat xizmatlari koʻrsatildi, -deydi Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi RanoBoyqoʻziyeva. - Albatta bu chiroyli raqamlar bizning erishgan yutuqlarimiz. Biroq xizmat koʻrsatishdagi mavjud muammolarni roʻy-rost tan olish ham muhim. Birgina misol, markazlarning boshqa tashkilotlar bilan integratsiyalashuvi jarayoni judayam sust. Bu kabi holatlarningobyektiv va subyektiv sabablari mavjud. Hozirda viloyatning barcha davlat xizmatlari koʻrsatish sohasiga daxldor boʻlgan tashkilotlar optik tolali simlar bilan toʻliq taʼminlanmagan. Moddiy-texnik bazasi yetarli darajada emas. Bu holat bizning faoliyatimizga bevosita taʼsir qilyapti. Tashkilot rahbarlarining xodimlariga ish taqsimotini yetarli darajada taqsimlamaganligi natijasida muddat buzilishi holatlari yuzaga kelayotganligi haqiqat. Pirovardida, bu kamchiliklarga nisbatan boshqarma tomonidan maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanilishiga majbur boʻlyapmiz.

Shuningdek, matbuot anjumanida davlat xizmatlari markazlarida navbatlarning koʻpligi, har bir markaz xodimi yonida kamida 10 nafardan ortiq fuqaro navbat kutayotganligini, shu sababli ushbu muammoni xodimlar sonini koʻpaytirish yoʻli bilan yechish mumkinligi, xizmatlar soni koʻpayayotganligi sababli ushbu masalani zudlik bilan koʻrish chiqish lozimligi aytildi.

2019-yilning yanvar-iyun oylarida davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi ish yurituviga jami 216 toʻgʻridan-toʻgʻri va 203 virtual, xalq qabulxonalari orqali murojaatlar kelib tushdi. Virtual qabulxona orqali koʻtarilgan masalalardan 61 tasi qanoatlantirilgan, 141 murojaatga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Kunning ikkinchi yarmida OAV xodimlari tomonidan boshqarma xodimlariga faoliyat yuzasidan savollar berildi. Jumladan, jurnalistlar aholini markazga bormasdan davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qondirilishi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar,nogironligi bor shaxslar bilan ishlash, fuqarolarni operatorlarga murojaat etmasdan bevosita “Infokioska”lar faoliyati tizimining holati haqida qiziqdi. Jumladan, blogerlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida telekommunikatsiya sohasida vujudga kelayotgan muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi va soha mutaxassislaridan savollarga toʻliq javoblar olindi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Respublikada birinchi boʻlib Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida “Infolend” tashkil etilgan. Ushbu infolend orqali nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki, xorijliklar ham markazlar faoliyati va xizmatlari haqida oʻzbek, rus va ingliz tillarida birdek toʻliq maʼlumot olish imkoniyati mavjud.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?