Fargʻonada rentgen apparatlari ishlab chiqarilmoqda

13:12 16 Mart 2019 Iqtisodiyot
436 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ish boshlagan “LISTEM-FERGANA” masʼuliyati cheklangan jamiyati bugun tibbiyot uchun zarur boʻlgan 8 turdagi rentgen asbob-uskunalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Umumiy qiymati 5 million dollarga teng boʻlgan mazkur qoʻshma korxonada yiliga 500 donagacha rentgen apparatlari ishlab chiqariladi.

– Bizning ushbu brendimiz butun dunyoda yetarli obroʻ-eʼtibori, salohiyati va oʻz bozoriga ega, – deydi korxonaning “test” boʻlimi boshligʻi Li In Xong – Ayni kunlarda  AQSH, Germaniya kabi 10 dan ortiq mamlakatlarda ushbu rentgen asbob-uskunalaridan foydalanishadi. Yaqinda uch oy mobaynida fargʻonalik yoshlar Janubiy Koreyada rentgen apparatlarini ishlab chiqarish, yigʻish va realizatsiya qilish borasida malaka oshirib qaytishdi. Ularning soʻngi yakuniy test jarayonlarida ham yuqori natijalarni qayd etgani quvonarli. Ana shunday malakali oʻzbek kadrlari bilan yangi ish boshlagan korxonamizda joriy yil 8 xil rentgen apparatlari, kelasi yilda esa ultratovush, elektrokardiogramma moslamalari kabi 18 turdagi yuqori texnologik, raqamli mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Mahsulotga hozirdanoq talab yuqori boʻlmoqda. Korxona toʻla quvvat bilan ishlay boshlagach, mahsulotning asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi. Mazkur mahsulotlar Oʻzbekiston bozori uchun noyob va innovatsion mahsulot. “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida eksportbop mahsulotlarni tayyorlash, ichki bozor talablarini qondirish uchun “LISTEM-FERGANA” masʼuliyati cheklangan jamiyati kelajakda yillik ishlab chiqarish quvvatini 900 donaga yetkazadi. Bu esa aniq hisob-kitoblarga asoslangan xulosa.

Foto: «Xalq so‘zi»

– Mintaqamizda zamonaviy, ixcham raqamli rentgen apparatiga boʻlgan ehtiyoj katta, – deydi Fargʻona viloyati Sogʻlikni saqlash boshqarmasi boshligʻi Odiljon Umarov. –Oʻrta Osiyo mintaqasida yagona ushbu korxonaning ishga tushirilishi, birinchi navbatda, diagnostika sohasida kasalliklarni erta aniqlashda natijadorlikni taʼminlaydi. Qolaversa, ehtiyoj juda yuqori boʻlgan birlamchi tizim – qishloq oilaviy poliklinikalari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar , shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlarini, turnaqator navbatga turishlardan holi, rentgen apparatlari bilan toʻliq taʼminlash imkoniyati paydo boʻldi.

Sir emas, bugungi kunda tibbiyot sohasidagi eng katta muammolardan biri bu yuqori texnologik apparaturalarga malakali servis xizmati koʻrsatuvchi texnik xodimlar, injenerlar, muhandislarning kamligi. Endilikda korxonada Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filiali tibbiy muhandislik fakulteti yuqori kurs talabalari ham faqat nazariya bilan cheklanmasdan bevosita amaliy mashgʻulotlar oʻtashi, tajriba orttirishi ham mumkin. Korxonada bugungi kunda loyihaning navbatdagi bosqichini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilyapti.

Eslatib oʻtamiz, 2018 yilda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev Fargʻonada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadidagi tashrifi chogʻida tibbiyotning zamonaviy diagnostika asbob-uskunalarini oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha alohida topshiriq va koʻrsatmalar bergan edi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?