Fargʻonada oʻqituvchi 25 yildan soʻng oqlandi

11:12 07 Noyabr 2019 Jamiyat
147 0

Fargʻonada boʻhton qurboni boʻlib, sud hukmi bilan oqlangan oʻqituvchidan prokuror 25 yil avvalgi xatolik uchun uzr soʻradi. Bu haqda OʻzA xabar tarqatdi.

Xabarda yozilishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyat sudi kassatsiya sudlov hayʼati tomonidan Bagʻdod tuman sudining 1994-yil 20-dekabrda Tursunxoʻja Abdurahmonovga nisbatan chiqargan ayblov hukmi bekor qilingan.

Sud hukmiga koʻra, Tursunxoʻja Abdurahmonov bir dona qirqma ov miltigʻini yotoqxonasidagi yostiq ostida va 41 gramm koʻknor boshoqlarini mehmonxonasidagi deraza tokchasida qonunga xilof ravishda saqlaganlikda ayblangan va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb qilingan.

Viloyat sudi mazkur jinoyat ishini koʻrib chiqib, uni jinoyat sodir etmagan deb topdi va uni Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan oqladi.

Sudda aniqlanishicha, oʻqituvchilar ish haqini oshirish haqida Prezidentga murojaat qilishgani uchun maktabning ilmiy mudiri Tursunxoʻja Abdurahmonov oʻsha vaqtdagi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan uyushtirilgan boʻhton qurboni boʻlgan.

“Faoliyatim davomida koʻplab oqlov hukmlari chiqarilgan, lekin bunisi boshqacha boʻldi. Jarayon davomida davlat ayblovini quvvatlovchi prokuror Tursunxoʻja Abdurahmonovga nisbatan oqlov hukmi chiqarish lozimligini aytdi. Undan oʻsha vaqtda yoʻl qoʻyilgan xatolik uchun uzr soʻradi, sudlov hayʼati oqlov hukmi chiqardi, 70 yoshni qoralayotgan nuroniy otaning koʻzlaridan esa sevinch va shukrona yoshlari oqdi”, — degan jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?