Farg‘onada noyob otlar parvarishlanadi

14:13 05 Iyun 2018 Jamiyat
709 0
Foto: xazinagz.uz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili Farg‘onaga tashrifi chog‘ida viloyatda Qorabayir otlarini ko‘paytirish borasida o‘z tavsiyalarini bergan edi. Shundan ko‘p o‘tmay, Quvasoy shahrining Pakana mahallasida Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan “Vodiy tulporlari” naslchilik kompleksi foydalanishga topshirildi.

Xitoy yozma manbalari va mamlakatimizning turli mavzelaridan topilgan qoyatosh suratlar Qorabayir zotining yoshi uch ming yildan ziyod ekanligini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Eronning Behustun qoyasidagi bo‘rtma suratlarda, Ahamoniylar saroyidagi devoriy rasmlarda qadimgi Turon zaminidan keltirilgan uchqur arg‘umoqlar tasviri aks etgan. Ushbu dalillar, shubhasiz, ona zaminimizda to‘rt ming yil avval yilqichilik shakl-langan degan tasavvur uyg‘otadi. 

“Vodiy tulporlari” naslchilik kompleksining tantanali ochilish marosimida ana shu tarixiy dalillar va bugungi kunda dunyoda ot sportiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni muddao ekanligi e’tirof etildi. 

Shu ma’noda, Quvasoy shahrida “Kvars” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2,5 gektar hududda Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan majmua tashkil etilishi, bu yerda naslli va sport otlari tizimli ravishda yetishtirilishi kelajakda yurtimiz ot sportining hamda u bilan bog‘liq milliy o‘yinlarimizning jahonga chiqishida asosiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi. 

— Majmuamiz 50 ta Qorabayir zotli otlarni parvarishlashga mo‘ljallangan, — deydi mazkur naslchilik kompleksi rahbari vazifasini bajaruvchi Sayodbek Zohidov. — Bundan tashqari, otlarning ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etish va sport musobaqalarini o‘tkazish uchun 180 o‘ringa mo‘ljallangan tomosha maydoni ham qurildi. Shuningdek, bu yerda yosh chavandozlar uchun o‘quv kurslari ham olib boriladi.

Majmua yozgi va qishki musobaqalar o‘tkazish maydoni, nasl ko‘paytirish va otlarni parvarishlashga mo‘ljallangan maxsus binolarga ega. 

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?