Fargʻonada narx-navo barqarorligi taʼminlanadimi? — viloyat hokimining hisoboti eshitildi

12:14 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
239 0

Ayni kunlarda Fargʻona viloyatida kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish, narx-navo barqarorligini taʼminlash borasida alohida chora-tadbirlar rejasi belgilangan.

Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlar boʻyicha hisoboti eshitildi.

Maʼlum boʻlishicha, shu kunlarda viloyatga Belarus Respublikasidan muzlatilgan, halol sertifikatiga ega goʻsht olib kelish rejalashtirilgan. Bu goʻshtning har bir kilosini viloyat bozorlarida ancha arzon narxda sotish koʻzda tutilmoqda. Viloyatga har oyda oʻrtacha 300 tonna ana shunday goʻsht mahsulotini import qilish orqali mahalliy byudjet hisobida 22 milliard soʻm tejab qolish mumkin.

Shuningdek, bugungi kunda kartoshka, shakar va boshqa eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini ham qoʻshimcha ravishda xorijdan olib kelish boʻyicha ishlar olib borilyapti. Kartoshkani qoʻshni Qirgʻizistondan, shakarni Ukraina va Belarus Respublikasidan import qilish borasida mavjud imkoniyatlar oʻrganilmoqda.

Oʻz navbatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini muhofaza qilish maqsadida hokimlik jamgʻarmasi tashkil etiladi. Bu borada viloyat markaziga yaqin hududlarda ulgurji, saralash va taqsimlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bu yerdagi omborlarda zaxira mahsulotlari saqlanib, talab va ehtiyojga qarab savdoga chiqariladi. Shu tariqa bozorlarda narx-navo barqarorligi taʼminlanadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, shu kunlarda Fargʻona viloyatida respublika OAV vakillari va boshqa mutasaddi idoralar masʼullari ishtirokida press-tur oʻtkazilyapti. Jurnalistlar viloyat tumanlarida boʻlib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash va zaxirasini yaratish hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Tashrif davomida jurnalistlar va Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida yuzma-yuz muloqot ham boʻlib oʻtdi.

B. Madiyorov,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?