Fargʻonada xorij kompaniyalari soni  yana ikkitaga koʻpaydi

18:28 13 Mart 2020 Iqtisodiyot
125 0

Fargʻona viloyatida ayni kunlarda 250 dan ortiq xorijiy kompaniyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Viloyatga eng yirik sarmoya kiritgan mamlakat Xitoy davlati boʻlib qolmoqda. Turkiya esa 20 ta kompaniya va ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻygani bilan hududda ikkinchi oʻrinni egallab turibdi.

Soʻnggi kunlarda Fargʻona viloyati investitsion muhitiga Rossiya Federatsiyasidagi tadbirkorlarning qiziqishi tobora ortib boryapti.

Yaqinda, Fargʻona viloyati bilan Rossiya Federatsiyasining hududlari oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik aloqalarining yangi istiqbollarini belgilash maqsadida joriy yil 24-27-fevral kunlari Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk, Perm oʻlkalari va Vologda viloyatiga Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev rahbarligidagi delegatsiyaning xizmat safari amalga oshirilgan edi. 
Safar davomida Krasnoyarsk va Perm oʻlkalari hamda Fargʻona viloyatilik tadbirkorlar ishtirokida 14 ta uchrashuv oʻtkazildi. Unda viloyatning iqtisodiy imkoniyatlarini namoyish etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha ularning mustahkam hamkorligini yoʻlga qoʻyish masalalari kelishib olindi.

Investitsion loyihalar doirasida Krasnoyarsk oʻlkasidagi “Sibir” ishlab chiqarish investitsiya jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Fargʻona viloyatida loyiha qiymati 150,0 mln. AQSH dollarilik magniy va qiymati 10,0 mln. AQSH dollarilik mebel ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, Krasnoyarsk oʻlkasidagi “Komandor” savdo tarmogʻiga Fargʻona viloyatining “Uz-Segang” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan 10,0 mln. AQSH dollari miqdorida, shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan eksportyor korxonalar tomonidan 60,0 mln. AQSH dollar, jami 70,0 mln. AQSH dollar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Ana shunday hamkorliklar bugun viloyatda oʻz samarasini bera boshladi. Kuni kecha Fargʻona shahar davlat xizmatlari markazida Rossiyaning “FRUKTOVIE SADI FERGANI” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. 400 mln. soʻm sarmoyaga ega ushbu korxona endilikda Quvasoy shahridagi Huvaydo mahalla fuqarolari yigʻinida mamlakatimizda yetishtirilgan totli, shirindan-shakar meva sabzavotlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydi va ekasportga yoʻnaltiradi.

Eʼtiborli jihati shundaki, Rossiyalik xorijiy yirik sarmoyador Yevgeniy Popchuk ushbu korxona faoliyati bilan birgalikda mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar va imtiyozlarga yana-da qiziqish bildirdi.Turizm sohasida ham jiddiy faoliyat boshlamoqchi ekanligini taʼkidlab,Fargʻona shahar Davlat xizmatlari markazida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi, yana 400 mln. sarmoya yoʻnaltirilgan “SHOHIMARDON TOUR-CITY” xorijiy korxonasiga asos soldi.

Eslatib oʻtamiz oʻtgan yilda “Fargʻona viloyatining turistik salohiyatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hukumat qaroriga asosan, Fargʻona viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi tashkil etilgan edi.

Direksiyaning asosiy vazifalaridan biri Fargʻona tumani “Shohimardon” va “Yordon” MFYlarda turizmni rivojlantirish, konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash, ushbu MFYlarning ekoturizm salohiyatini inobatga olgan holda, yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqishdan iborat.

Elyor EHSONOV,

“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?